Vazirlar Mahkamasining “Kollej va texnikumlarda kasb va mutaxassislik egallash istagida bo‘lgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Belgilanishicha, 2023/2024-o‘quv yilidan boshlab kollej va texnikumlarda qurilish, transport, kommunal, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi kasb va mutaxassisliklarda o‘qish istagida bo‘lgan xotin-qizlar to‘liq davlat granti asosida ta’lim oladi hamda ularning xarajati to‘liq davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Kollej va texnikumlarda qurilish, transport, kommunal, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi kasb va mutaxassisliklarda ta’lim olayotgan xotin-qizlarning to‘liq davlat granti asosida o‘qishi tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
3 yoshgacha farzandi bo‘lgan kollej va texnikumlar o‘quvchi-qizlariga masofaviy ta’lim olish imkoniyati yaratiladigan kasb va mutaxassisliklar ro‘yxatini tasdiqlaydi;
2023/2024-o‘quv yilidan boshlab kollej va texnikumlarda qurilish, transport, kommunal, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi kasb va mutaxassisliklarda o‘qiydigan 3 yoshgacha farzandi bo‘lgan o‘quvchi-qizlarga, ularning murojaati asosida masofaviy ta’lim olish imkoniyatini yaratadi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan taqdim etilgan ro‘yxatga ko‘ra 2023 yilda professional ta’lim muassasalariga ajratilgan mablag‘lar doirasida 2024 yildan boshlab davlat budjeti parametrlarida alohida mablag‘lar ajratilishini ta’minlaydi.