Test sinovlarining uchinchi kunida 54 nafar abituriyent chetlatildi


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida boʻlib oʻtgan brifingda Davlat test markazi boshqarma boshligʻi Diyorbek Qoʻchqorov kecha – 31-iyul kunidagi test sinovlari natijalari haqida maʼlumot berdi.

Ikki smenada tashkil etib kelinayotgan test sinovlarida 71 ming 340 nafar abituriyent ishtirok etishi belgilangan edi. Shundan 1 ming 570 nafar abituriyent test sinovlariga kelmagan.

Test sinovlari tartib-qoidalarini buzganligi sababli 18 nafar abituriyent hududga kirish joyida, 36 nafari binoda qoidani buzganligi uchun test sinovlaridan chetlashtirilgan.

Uchinchi kunda kunduzli taʼlim yoʻnalishida eng koʻp ballni yana Oʻzbekiston milliy universitetining Matematika yoʻnalishiga hujjat topshirgan abituriyent toʻplagan — 181,6 ball. Sirtqi taʼlim shakli boʻyicha esa Qarshi davlat universitetining Informatika fakultetiga hujjat topshirgan abituriyent yetakchi — u 136,6 ball yigʻa olgan. Kechki taʼlim yoʻnalishida esa Samarqand davlat universitetining Amaliy matematika va informatika fakultetiga hujjat topshirgan abituriyent eng koʻp ball — 135,8 toʻplashga erishgan.