Bu yil oliy ta`lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha keng ko‘lamli yangilanishlar amalga oshirildi. Imtihonlarning 15 kun mobaynida o‘tkazilishi, natijalarning bir kun o‘tiboq e`lon qilinishi shular jumlasidandir. Abituriyentlar e`tirozlariga sabab bo‘layotgan test topshiriqlarini testologiya talablariga mos holda tayyorlash borasida ham malakali mutaxassislar ancha mehnat qildi, deb yozadi Davlat test markazi bo‘lim boshlig‘i M.Zokirova «Ma`rifat» nashrida.
Test savollarining murakkab tuzilgani, ulardagi umumta`lim fanlari o‘quv dasturlariga nomuvofiqliklar bo‘yicha bildirilayotgan e`tirozlar yuzasidan tegishli tashkilotlar hamkorligida keng ko‘lamli ishlar bajarildi. Joriy yilgi test topshiriqlari umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta`limining umumta`lim fanlari o‘quv dasturlariga muvofiq tuzildi. Test topshiriqlari bo‘yicha muhim o‘zgarish — har bir blok savollarining 30 tadan etib belgilanganidir. Bu qarorga kelish uchun Davlat test markazi Buyuk Britaniya, Rossiya, Qozog‘iston kabi davlatlarning tajribalarini o‘rgandi.
Xalqaro tajribalardan foydalangan holda test jarayonini takomillashtirish, savollar mazmunini soddalashtirish bo‘yicha mutaxassislarimiz davlat ta`lim standartlari asosida ish olib bordi. Xususan, yangi tuzilgan test variantlari poytaxtimizdagi akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida aprobatsiyadan o‘tkazildi. Sinov jarayonida 10 ta fan bo‘yicha 1115 ta test topshirig‘idan foydalanildi. Jarayonga 2659 nafar bitiruvchi jalb qilindi.
Sinov jarayonida abituriyentning qancha vaqt sarflashi va murakkab savollar bo‘yicha tegishli ma`lumotlar aniqlandi. Natijalar tahlil qilinib, mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Davlat test markazining “Testologiya, pedagogik o‘lchovlar va ilmiy-metodik kadrlar tayyorlash" bo‘limi mutaxassislari belgilangan chora-tadbirlar asosida test savollarini sifatli tayyorlashga kirishdi. 2017 yili oliy ta`lim muassasalari bakalavriatiga qabul uchun qo‘llanilgan 37 mingdan ortiq test topshirig‘i distraktor muqobillari tahlil qilindi. Test sinovlarini o‘tkazish uchun umumiy o‘rta ta`lim va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta`limining DTS va o‘quv dasturlari asosida abituriyentlar tayyorgarligi darajasiga qo‘yiladigan talab kodifikatori hamda test topshiriqlari tafsiloti ishlab chiqildi. Yangi tayyorlangan test topshiriqlari ekspertlar tekshiruvidan so‘ng aprobatsiya(sinov)dan o‘tkazildi.
Aprobatsiya natijalarini statistik tahlil qilish jarayonida topshiriqlarning murakkabligi, ballar variatsiyasi (o‘zgaruvchanligi, farqlanishi), savollarning boshqasi bilan bog‘liqligi, test topshiriqlariga qo‘yilgan asosiy talablar aniqlandi. Statistik tahlillar ba`zi testlarda ishonchlilik koeffitsiyenti talab darajasida emasligi, 79 ta topshiriqda ayrim distraktorlar (muqobil javoblar) o‘z funksiyasini bajarmasligi ma`lum bo‘ldi.
Tahlillar asosida ekspertlar ishonchlilik koeffitsiyenti bo‘yicha 61 ta test savolida o‘zgarish qilgan. Savollarning ayrimlari butunlay o‘zgartirildi. Talabga javob bermagan 16 ta test savoli bazadan olib tashlandi. Shuningdek, 113 ta murakkab savol soddalashtirildi.
Mutaxassislarning ta`kidlashicha, qayta-qayta tekshiruvdan o‘tkazilgan savollar aslida unchalik ham qiyin emas. Abituriyentlarning bunday savollarga javob topolmasligiga sabab ba`zi mavzularning maktablarda yaxshi o‘qitilmasligi bilan bog‘liq, deya yozadi mutaxassis.
Manba: kun.uz