Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, quyidagilar tashkil etiladi:
- Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Nurafshon filiali;
- Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining «Elektron kutubxonasi».
Filialni tashkil etishdan maqsad raqamli iqtisodiyotni jadal rivojlantirishga hissa qo‘shadigan, zamonaviy talablarga javob beradigan va AKT sohasida ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egallagan yuqori malakali kadrlarni tayyorlashdan iborat.
Quyidagilar filialning asosiy vazifalari etib belgilandi:
- o‘quv rejalariga zamonaviy fanlarni kiritib borish, innovatsion va ilm-fanga asoslangan texnologiyalarni tatbiq qilish hamda ilg‘or xorijiy tajribani qo‘llagan holda o‘quv jarayonini ta'limning kredit-modul tizimi asosida tashkil qilish;
- ilmiy-tadqiqot institutlari bilan manfaatdor vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar hamkorligida fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni olib borish hamda ularning natijalarini ishlab chiqarishga keng joriy etish;
- filialga biriktirilgan informatika va AKTni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan tayanch maktablar faoliyatini metodik qo‘llab-quvvatlash.
Bundan tashqari, universitet huzurida faoliyat yurituvchi, oliy ta'lim tizimi bilan integratsiyalashgan o‘rta maxsus professional ta'lim bosqichida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan texnikumlar tashkil etiladi.
Filial va texnikumlar yuridik shaxs maqomiga ega universitetning tarkibiy bo‘linmalari hisoblanadi. Filial va texnikumlarda o‘quv jarayoni 2021/2022 o‘quv yilidan boshlanadi.
Filialga talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi va qo‘shimcha qabul parametrlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.