Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti joriy yilda o‘zining test sinovlar o‘tkazish joylarida biometrik va pasport ma’lumotlari asosida abituriyentlarni nazorat qilish va boshqarish tizimini tatbiq etadi. Universitet axborot xizmatidan xabar berilishicha, mazkur usul O‘zbekiston OTMlari orasida ilk bor TATUda qo‘llanilmoqda.
Unga ko‘ra, 15 iyundan 15 iyulgacha abituriyentlar qabul komissiyasiga hujjatlar va biometrik ma’lumotlarni topshiradi. Serverda abituriyentlarning biometrik va pasport ma’lumotlar yagona bazasi yaratiladi.
Har yili 1 avgustda biometrik ma’lumotlar bo‘yicha imtihonlarga kiritish sxemasi tuziladi.
Abituriyent barmoq izlarini olish uchun i-Clock-700 skanerlari, pasport personal ma’lumotlarini tekshirish va ro‘yxatdan o‘tkazish uchun “Regula" 7024M.111 skanerlari, abituriyent barmoq izlarini pasport chipidagi barmoq izlari haqidagi ma’lumotlar bilan taqqoslash uchun BioLink U-Match 3.5 skanerlari (abituriyentga pasport tegishlilikni tekshirish)dan foydalaniladi.
Test sinovlarini o‘tkazish joyida biometrik va pasport ma’lumotlari asosida abituriyentlarni nazorat qilish va boshqarish tizimini tatbiq etish O‘zbekistonda birinchi marta joriy etilmoqdi.
Kelajakda TATU qabul komissiyasi tajribasini boshqa oliy ta’lim muassasalarida ham qo‘llash rejalashtirilgan.