Ta’lim inspeksiyasi va Rossiya TTS instituti o‘rtasida kelishuv imzolandi


Ayni damda Toshkent shahrida Jahon bankining READ dasturi moliyaviy ko‘magida xalqaro ekspertlar ishtirokida ta’lim sifatini baholash bo‘yicha PISA va PIRLS xalqaro tadqiqotlariga tayyorgarlik ko‘rishga bag‘ishlangan bir necha bosqichli seminar va treninglar bo‘lib o‘tmoqda. Unda Respublikamizning barcha viloyatlari hamda Toshkent shahridan xalq ta’limi boshqaruv organlari rahbarlari, xalqaro tadqiqotlarni o‘tkazish bo‘yicha tayanch maktab direktorlari, ona tili va adabiyoti, matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fan o‘qituvchilari ishtirok etmoqdalar.

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Xalq ta’limi vazirligi umumta’lim maktablarda ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha doimiy hamkorlikda faoliyat olib bormoqda. Shunga muvofiq, mazkur seminar doirasida xalqaro eskpertlar hamda Ta’lim inspeksiya boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev, Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda xalqaro baholash tadqiqotlari hamda milliy baholash tizimi uchun test materiallarini shakllantiruvchi mahalliy testologlarni Rossiya Federatsiyasining Ta’lim taraqqiyoti strategiyasi instituti tomonidan tashkil etiladigan treninglarda taxsil olish uchun yuborilishiga kelishib olindi. Shuningdek, Rossiya ta’lim taraqqiyotiga yordam (READ) dasturining 2020 yildan faoliyat boshlashi hamda unda O‘zbekistonning ishtiroki bo‘yicha masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev hamda Rossiya Fanlar akademiyasining Rossiya ta’lim taraqqiyoti strategiyasi instituti direktori Svetlana Ivanova o‘rtasida kelishuv shartnomasi imzolandi. Mazkur kelishuv bitimi ta’lim sifatini baholashda nazariy va strategik yo‘nalishlar, ilmiy tadqiqot natijalarini pedagogik amaliyotga qo‘llash, boshqaruv va pedagogik kadrlarni kasbiy tayyorgarligi hamda salohiyatini oshirish bo‘yicha hamkorlik jarayonlarining yanada samarali amalga oshirilishi yo‘lida xizmat qilishi kutilmoqda.

Shu bilan birga pedagogik tadqiqotlar borasida ta’lim dasturlari, o‘quv qo‘llanmalari va uslubiy ko‘rsatmalarni ishlab chiqishda ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ta’lim tizimida boshqaruv soxasida faoliyat yurituvchi kadrlarning kasbiy kompetentliligini oshirish borasida malaka oshirish kurslarini tashkil qilish, ta’lim inspeksiyasi xodimlarining ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirishga qaratilgan stajirovka dasturlarini amalga oshirish, ilmiy-uslubiy materiallarni ilmiy tekshiruvdan o‘tkazish va taqriz jarayonlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ta’lim tizimida boshqaruv organlari mutaxassislari tomonidan tayyorlangan ilmiy-pedagogik materiallarni Rossiyaning ilmiy-pedagogik jurnallarida chop etish, elektron resusrlardan to‘laligicha ma’lumot almashish borasida foydalanish mazkur kelishuvining ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

matbuot xizmati