Talabalar o‘qish o‘rniga ish qidirib yuribdi — deputat


Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev yaxshi o‘qiyodigan talabalar o‘qish o‘rniga darsdan keyin ishlab yurishganiga guvoh bo‘lganini aytgan.

Vazirlar Mahkamasi «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» Davlat dasturining 2019-yil uchinchi choragidagi ijrosi bo‘yicha deputatlarga hisob bergan.

— Oliy ta’lim yo‘nalishida talabalarning kontrakt miqdorining oshirilishi va stipendiyaning bir xilda – 400 ming so‘m miqdorida belgilanishi ham talabalar, ham ota-onalar o‘rtasida juda keskin e’tirozlarni keltirib chiqardi. Muhokamalar portaliga ham bu masalalar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi joylashtirilganini ko‘rdik. Shunda aholining fikri inobatga olinib, bu masala qayta ko‘rib chiqilar ekan-da, deb umid qilgandik. Biroq o‘tgan vaqt mobaynida hech qanday amaliy natijani ko‘rmadik. Talabalar va ularning ota-onalari qayta-qayta bizga murojaat etib, bu masalaga oydinlik kiritishimizni talab qilishyapti, – degan deputat Rasul Kusherbayev.

Deputatning fikricha, Vazirlar Mahkamasi va mutasaddilar bu masalani kun tartibidan olmasdan, uni qayta ko‘rib chiqish kerak.

— Bugungi kunda amaldagi tartib sabab yaxshi o‘qiyotgan talabalar ish qidirishiga to‘g‘ri kelyapti. Misol uchun, yaqinda ulardan bir guruhi bilan ko‘rishganimda, o‘qib-izlanish o‘rniga darsdan keyin ishlayotganiga guvoh bo‘ldim. O‘qish masalasida ular o‘z ustida ishlashiga umuman vaqti qolmayapti. Bu, o‘z navbatida, ta’lim sifatiga ham ta’sir qilyapti. Shu sababdan, har bir talaba o‘zining harakatiga va bilimiga yarasha rag‘batlantirilishi kerak. Minglab talabalar va ota-onalarning nomidan taklif qilamizki, ushbu masalani qayta ko‘rib chiqsangiz, — degan Kusherbayev.

Deputatning fikriga javoban Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inom Majidov bu masala kun tartibidan olinmaganini aytgan.

— Hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgach, kelib tushgan ko‘plab takliflar asosan differensiatsiyalash asosida, ya’ni talabalarning o‘qishi natijalari inobatga olingan holda, stipendiya miqdorini belgilash mazmunida bo‘ldi va buning ustida ish olib borildi. Masala barcha oliy ta’lim muassasalari rektorlari, fakultet dekanlari, Yoshlar ittifoqi vakillari bilan o‘rganildi.

Lekin vazir o‘rganish natijalari haqida biror aniq gap aytmagan.

Manba: xabar.uz