Talabalar ijtimoiy himoyasi qanday bo‘lishi kerak?


Kecha navbatdagi o‘quv yilidan O‘zbekiston OTMlarida stipendiyadan voz kechib, kontraktni kamroq to‘lash tizimi yaratilishi mumkinligi xabar qilindi. Bir qaraganda bu yaxshi yangilik. Shu orqali kontraktlar miqdori sezilarli kamayib, baho olishdagi poraxo‘rliklarga ham ancha barham beriladi (axir ko‘pchilik talabalar beshlik stipendiya olay, deb domlasiga pul bermaydimi?).

Ammo bu yerda boshqa bir nozik masala yuzaga chiqadi: stipendiyalar bekor qilinsa talabalarning ahvoli qanday kechadi? Ular ijtimoiy tomondan qanday himoya qilinadi? Aslidaku, hozirgi stipendiya tizimi ham talabalarni samarali ijtimoiy himoya qila olmaydi. Chunki, talabalarning ikkita asosiy ijtimoiy muammosi bor – ular qorin to‘ydirish va boshpana topish (xoh ijara uyi, xoh yotoqxona bo‘lsin). Bu muammolar o‘zbek talabalarini yillardir qiynab kelmoqda. O‘zimiz ham talaba bo‘lganmiz, stipendiya olganmiz. Ammo stipendiyalarimizni, hatto uydan oladigan pullarimizni ham ratsional sarflay olmasdan, tezda tugatib qo‘yar edik. Qo‘limizda pul bo‘lsa katta-katta harjlab, keyin roltonu buxankaga kunimiz qolardi. Uyda yeyishga hech vaqo qolmagan kunlari shahar aylanib vaqt o‘tkazishga majbur bo‘lganmiz ham (oylik yo‘l chiptamiz bo‘lardi).

Shu o‘rinda ba’zilar talabalarning ishlashi kerakligini aytishi mumkin. Men talabalarning ishlashiga qarshiman va nima uchunligi haqida alohida yozaman.

Ayni paytda Turkiyada tahsil olar ekanman, bu yerda ham xuddi shunday holat borligiga guvoh bo‘layapman. Yoshlarning aksariyati qo‘liga tushgan pulni oqilona sarflay olmaydi. Natijada oy oxiriga borib pullari tugab qoladi. Ammo bu yerda talabalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi yaratilgan. O‘zim tahsil olayotgan Kastamonu universiteti (35 ming talaba o‘qiydi) misolida ba’zilarini sanab o‘tsam.

Universitet hovlisida har kuni soat 12 da Kastamonu viloyati (belediyesi) hokimi nomidan bepul bir dona ayron va bir likopcha pilav (qaynatilgan guruch) beriladi. Juda shohona tushlik emas, ammo puli yo‘q talaba uchun katta siylov.

Universitet oshxonasida ikki mahal: 11:30 dan 13:00 gacha va 16:30dan 18:00gacha issiq ovqat beriladi. Atigi 2 liraga (o‘zbek so‘mida 3,5 ming so‘mcha) sho‘rva, quyuq ovqat, salat yoki shirinlik (ba’zida kompot, ayron yoki meva), bir quticha (so‘rasa yana berishadi) suv va istagancha non olish mumkin. Oshxona menyusi boy, to‘yimli va foydali. Baliq, tovuq, mol go‘shti, sabzavotlar, milliy shirinliklar ham kiritilgan. Menyuni universitet sayti yoki mobil ilovasidan ko‘rish mumkin.

Eng muhimi, oshxona uchun alohida – maxsus stipendiya ajratiladi. Talabalar unga ariza topshirib, yil davomida tekinga ovqatlanishi mumkin. Unga maxsus kartochka beriladi va oshxonaga kirishdagi turniketga tekkizib, ovqat olaveradi. Shuningdek, talabalik guvohnomasiga oldindan ovqatlanish uchun pul tashlab, foydalanib yurish mumkin.

Talabalar yotoqxonalarida esa ertalab va kechqurun, o‘qish bo‘lmagan kunlari – bayramlar va hafta oxirida uch mahaldan issiq ovqat beriladi. Yotoqxonalar tekin yoki pulli bo‘lishi mumkin, ammo xizmat ko‘rsatish sifatida barchasida yuqori darajada. Yotoqxonalarda barcha sharoitlar mavjud. Masjid, sport zallari, kir yuvish xonalari, kutubxona, dars xonalari, internet, har bir xonada muzlatkich, hojatxona va yuvinish xonasi vahokazo.

Erkaklar va qizlar yotoqxonalari alohida bo‘lib, qat’iy tartib-qoidalar mavjud. Kirish-chiqishda barmoq izi bosiladi va talabaning kelgan-kelmagani qayd qilib boriladi. Agar talabalar belgilangan vaqtgacha yotoqxonaga kelmasa (ma’muriyatni ogohlantirmasa) vasiysiga SMS boradi, ba’zi yotoqxonalarda kelmagani kunlariga ma’lum miqdorda jarima to‘lash ham yo‘lga qo‘yilgan.

Yotoqxonada yashaydigan kursdoshlarimning aytishicha, ular uchun turli shaharlar va maskanlarga bepul sayohatlar, ziyofatlar, suhbat va madaniy tadbirlar o‘tkazib turiladi. Shuningdek, talabalar uchun ko‘plab tijoriy ob’yektlarda chegirmalar bor. Muzeylar, milliy bog‘lar vahokazo.

Ijara uylarida yashaydigan talabalar uchun talabalar eng gavjum bo‘lgan (universitet joylashgan) mahalla markazida katta kir yuvish markazi tashkil etilgan. Markazda kiyim yuvish, quritish (alohida uskunalar bor) va dazmollash kabi xizmatlardan foydalanish tekin.

Stipendiya masalasiga kelsak, avvalo Turkiya hukumatining rasmiy stipendiyasi, undan tashqari turli vaqflar burslari (stipendiyalari) bor. Ularni olish uchun e’lon qilingan vaqtda ariza topshirish kerak bo‘ladi.

Xullas, Turkiyada talabalar – arzanda o‘g‘ilday gap. Ularning to‘laqonli tahsil olishiga xalal beruvchi ijtimoiy muammolar yo‘q hisobi. Shart-sharoit va imkoniyatlardan foydalanish esa butunlay boshqa masala.

Dunyoning boshqa mamlakatlarida ham talabalarni ijtimoiy himoya qilishning turli mexanizmlari ishlab chiqilgan bo‘lib, mamlakat kelajagini hal qiluvchi avlodni tarbiyalashda ularning turli ijtimoiy muammolarga o‘ralashib qolishining oldi har tomonlama olingan. Aksariyat davlatlarda talabalar yashash, ovqatlanish, maishiy masalalarda muammolarga duch kelmaydi va asosiy diqqat-e’tiborini faqat va faqat o‘qishga, bilim olishga, tajriba va malaka orttirishga qarata oladi.

Bu masala O‘zbekiston hukumat tomonidan ham jiddiy o‘ylab ko‘rilishi kerak. Talabalarning asosiy vazifasi – o‘qish. Ularning vaqti, energiyasi, fikru e’tiborini o‘tkinchi, ikkilamchi muammo va masalalarga sarflanmasligi kerak.

Bir narsani unutmaslik kerak! Davlat ta’lim uchun qancha talab qilinsa shuncha pul sarflashi zarur. Yaratilgan sharoitlardan hamma ham maksimal foydalanmasligi mumkin, ammo yuz minglab talabalarning ichidan kelgusida mamlakat qudratini mislsiz oshira oladigan bir necha mutaxassis yetishib chiqishi aniq. Ammo bugun o‘sha bir necha mutaxassis mayda muammolar girdobida qolib ketgan, ular qorin va boshpana tashvishida iqtidori va salohiyatini behuda sarflab yurgan bo‘lishi hech gapmas.​

SANJAR SAID