Yangihayot tumanida yangi qurilgan “Tashkent Index" savdo-ishlab chiqarish majmuasi hududida bo‘sh turgan 10 ming o‘rinli bino bir hafta muddatda DXSh shartlari asosida talabalar uchun turar joyga aylantiriladi. Hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev shunday taklif bilan chiqdi.
Bugun, 9 sentabr kuni Toshkent shahar hokimligida talabalarni turar joy bilan ta’minlash masalasida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Yig‘ilishda vazir Abduqodir Toshqulov, hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev, sektor rahbarlari va OTM rektorlari qatnashdi.
Qayd etilishicha, hozirda Toshkent shahridagi oliygohlarning 92 tasida yotoqxona quvvati 35 636 o‘rinni tashkil etadi. Bugungi kunda 27 354 nafar talabaning yotoq joy bo‘yicha ehtiyoji qondirilgan.
2022 yilda davlat-xususiy sheriklik loyihalari, oliygoh va budjet mablag‘lari hisobi hamda investitsiya dasturi doirasida yana 30 956 o‘rinli 60 ta loyiha amalga oshirilyapti.
Yig‘ilishda vazirlik vakillari bu kabi choralar yetarli emasligi, boshqa imkoniyatlarni ham izlab topish kerakligini aytib, qator takliflarni o‘rtaga tashladi.
O‘z navbatida, Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxtning Yangihayot tumanida qurilgan “Tashkent Index" savdo-ishlab chiqarish majmuasi hududida bo‘sh turgan 10 ming o‘rinli tadbirkorlar binosini bir hafta muddatda davlat xususiy sheriklik shartlari asosida talabalar uchun turar joyga aylantirish taklifini berdi.
Yig‘ilish ishtirokchilari taklifni qo‘llab-quvvatladi.