Toshqulov tibbiyot oliygohlariga super-kontrakt bilan o‘qishga kirayotganlar haqida gapirdi


Oliy ta’lim vazirining ishontirishicha, yetarli bilimi yo‘q bola super-kontrakt bilan o‘qishga kirishi mumkin, lekin bitirolmaydi. U kredit-modul tizimi ta’limdagi korrupsiyani yo‘qota olishini da’vo qildi va jamoatchilikdan buning uchun unga 1 yil vaqt berishlarini so‘radi. “Bu yil faqat sifatga ishlanadi. Natijalar bo‘ladi. Eshitasiz hali, necha foiz talaba bitirolmadi, shundan necha foizi super-kontrakt", – dedi Abduqodir Toshqulov.

Oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov kirish imtihonlarida juda past ball to‘plagan abituriyentlar ham tibbiyot va arxitektura oliygohlariga super-kontrakt asosida o‘qishga kirayotgani, bu esa xavfli bo‘lishi mumkinligi haqidagi savolga javob berdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

“Siz nimagadir O‘zbekiston oliy ta’limiga umuman ishonch bildirmayapsiz. Siz aytgan Tibbiyot akademiyasida, tibbiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qish kundan kunga qiyinlashib boryapti. Talablar ortyapti. Xorijiy ta’lim dasturlaridan foydalanilyapti. O‘quv rejalar, o‘quv dasturlar, kredit-modul...

Siz aytgan bilimdagi bola super-kontraktni to‘lashi mumkin, lekin bitirolmaydi.

Shuning uchun men bugun ota-onalarga murojaat qildimki, bolangiz ertaga o‘qib keta olishiga ishonsangiz, super-kontrakt to‘lang. Kredit modulda avvalgiday telefon qilib, tanish-bilish qilib bolangizni kursdan kursga o‘tkizolmaysiz.

Men sizga to‘g‘risini aytaman, men vazirman, menga iltimos bo‘lsa men aralashmayapman ham, aralashsam ham bir ish chiqmasligiga aminman. Kredit-modul tizimi bo‘yicha platforma bilan ishlayapti, bu ham asta-asta xuddi mana kontraktga o‘xshab texnikaning qo‘liga berilyapti.

Bu jarayonlarga bizga bir yil muddat beringlar. Ta’lim sifati bo‘yicha. Mana bu yil bizga xos bo‘lmagan butun ishlarni muhtaram prezidentimiz bizdan oldirtirib berdilar, mana bu yil faqat sifat va sifatga ishlanadi. Natijalar bo‘ladi. Eshitasiz hali, necha foiz talaba bitirolmadi, shundan necha foizi super-kontrakt", – dedi Toshqulov 9 sentabr kungi matbuot anjumanida.