Abduqodir Toshqulov: Talabalar ijara subsidiyasining shartnomasiz shakli joriy etiladi


Ayni vaqtda O‘zbekistondagi OTMlar yotoqxonasida 91 ming talabaga joy bor. Ammo mana shu turar joyga ehtiyojmand talabalar soni 211 ming nafarni tashkil qiladi. Hozirda 30 ming o‘rinli 60 ta talabalar turar joylarida qurilish, tender, loyiha jarayonlari, shundan 38 tasida qurilish ketmoqda. AOKAda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri ishtirokida o‘tayotgan matbuot anjumanida shu va mavzuga doir yana bir qancha ma’lumot berilmoqda.

Xususan, vazirga ko‘ra, yaqin kunlarda talabalarga ijara uchun subsidiya berishning shartnomasiz shakli joriy etiladi, ayni paytda buning ustida ishlanmoqda.

“Qanday bo‘ladi? Deylik, auditoriyada bitta guruhda 25 nafar talaba bo‘lsa, ularning o‘zi qaror qabul qiladi. Aytaylik, bizda 10 nafar talaba ijarada turadigan kursdoshimiz bor, shundan 60 foizi, 6 nafariga subsidiya berilsin deb guruh qaror qilsin. Chunki ular bir-birining sharoitini biladi-ku, kiygan kiyimi, talabaning rang-ro‘yi qanday oilaga mansubligini ko‘rsatib turadi.

Guruhning o‘zi qaror qiladi-da, qarorni fakultetga, fakultet ilmiy kengashga chiqaradi", – demoqda Toshqulov.

Qayd etilishicha, ilmiy kengashning qabul qilgan qarori bilan 9-10 oy (qonunchilikda qanday belgilangan bo‘lsa) to‘g‘ridan-to‘g‘ri shaharda o‘qiyotgan talabalar uchun 300 ming so‘m, viloyatlardagi talabalar uchun esa 150 ming so‘m plastigiga tashlab turiladi.

“Bu ijara haqining yarmini qoplab turadi, chunki biz ham bilamiz, shaharning o‘zida ijara haqi bir kishi uchun 600 ming so‘mdan kam emas. Shuning uchun shuning yarmini davlat qoplab beradigan bo‘lyapti", – deydi vazir.

Qolaversa, Abduqodir Toshqulovning ta’kidlashicha, Toshkentda uylar kengayib, kattalashyapti, ammo insonlarning bag‘ri toraymoqda.

“Avval har bir xonadonda 2-3 nafar talaba bo‘lar edi. Biz individual hayot tarzi bilan juda shaharlashib ketdik. Qancha-qancha davlat va jamoatchilik arboblari bilan suhbat qilsak, ijarada turganini, shunday olim va arbob bo‘lishiga ijarada turgan xonadonining tarbiyasi sabab bo‘lganini aytadi.

Lekin, afsuski, huvullab yotgan 20 xonali uylar bo‘lishi mumkin, odamlar 4 nafar talabani joylashtirishni o‘ylab ko‘rishadi".