Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalari talabalariga to‘lanadigan stipendiyalar miqdorlarini belgilash hamda stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" qaroriga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qarori loyihasi eʼlon qilindi.
2021/2022 o‘quv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalari kunduzgi bo‘limiga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yoshlar uchun butun o‘qish davri davomida “Prezident granti" stipendiyasini joriy etish va aʼlo baholarga o‘qiyotgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj, davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida taʼlim olayotgan qizlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun oyma-oy to‘lanadigan “Qizlar uchun maxsus stipendiya" tayinlash ko‘zda tutilgan.
Prezident granti sohibi bo‘lgan birinchi kurs talabalariga o‘quv yilining 1-semestri mobaynida amaldagi Prezident stipendiyasi miqdoriga teng bo‘lgan miqdorda Prezident granti stipendiyasi tayinlanishi va to‘lanishi nazarda tutilmoqda.
Bunda, kamida bitta fandan o‘zlashtirish ko‘rsatkichi “aʼlo" baho bo‘lmaganda, ushbu toifadagi talabalarga kelgusi o‘quv semestridan boshlab o‘zlashtirayotgan talabalarga belgilangan miqdorda umumiy tartibda stipendiya to‘lanadi.
Shuningdek, taʼlim muassasasidagi 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab aʼlo baholarga o‘qiyotgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlarga “Qizlar uchun maxsus stipendiya" joriy qilinmoqda. Ushbu toifadagi talaba qizlar oliy taʼlim muassasasida tashkil etilgan stipendiya komissiya tomonidan belgilangan mezonlarga qatʼiy amal qilgan holda aniqlanadi va tegishli stipendiya bilan taʼminlanadi.
2021/2022 o‘quv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalari kunduzgi bo‘limiga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yoshlarni Davlat test markazi tomonidan tasdiqlangan holda Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligiga oliy taʼlim muassasalari kesimida taqdim etish belgilanmoqda.