O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida shu yilning 28—29-yanvar kunlari Qashqadaryo viloyatiga borgan edi.
Viloyatga tashrifi chog‘ida davlat rahbari Qarshi tumanidagi Xonobod harbiy aerodromiga tashrif buyurdi. Uchuvchilar bilan muloqot qildi. Shavkat Mirziyoyev harbiylar bilan uchrashuvda 1994-yilda asos solingan Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti Qashqadaryoga ko‘chirilishi haqida ma’lum qilgan. Bu haqda O‘zbekiston 24» telekanalining «Axborot 24» dasturida xabar qilindi.«Bizning bitta yagona vazifamiz — odamlarning, xalqning ertangi kunga ishonchini oshirish va biz o‘z yo‘limizdan qaytmaymiz. Mana shu yo‘nalishda har kuni, har soatda ishlashda davom etamiz», — deya Prezident so‘zlaridan iqtibos keltirildi teledasturda.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev shu yilning 11-yanvarida bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi majlisidagi ma’ruzasida bundan buyon qaysi hududga xizmat safariga boradigan bo‘lsa, birinchi kuni joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar qanday borayotgani bilan tanishishini, ikkinchi kuni esa, shu hududdagi harbiy-ma’muriy sektorlardagi ahvolni har tomonlama o‘rganib chiqishini ma’lum qilgan, hokimlar, okrug qo‘mondonlari va boshqa tegishli mutasaddi rahbarlar buni albatta e’tiborga olishi lozimligini ta’kidlagan edi.