O‘zbekistonda “Vatan tayanchi” harakati a’zolari, shuningdek, “Vatanparvarlar” hamda “Shijoat va g‘ayrat” musobaqalari g‘oliblariga oliy harbiy ta’lim muassasalariga kirishda qo‘shimcha imkoniyat berish rejalashtirilmoqda.
Muhokamalar portaliga O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanomalar berish tartibini belgilovchi nizom loyihasi joylashtirildi.
Loyihaga ko‘ra, “Vatan tayanchi” harakatida faol qatnashgan, ta’lim muassasasini a’lo baholar bilan tamomlagan otryad a’zolaridan bir nafari Mudofaa vazirligi tomonidan imtiyozli tavsiyanoma olishi mumkin.
Bundan tashqari, “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasi hamda mahalla yoshlari o‘rtasida o‘tkaziladigan “Shijoat va g‘ayrat” musobaqasining respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan jamoa a’zolariga ham shunday tavsiyanoma berilishi nazarda tutilmoqda.
Imtiyozli tavsiyanomaga ega abituriyentlarga test sinovlarida to‘plagan ballining 5 foizi miqdorida qo‘shimcha ball qo‘shib beriladi. Tavsiyanoma berilgan kundan boshlab uch yil davomida amal qiladi.
Shuningdek, “Vatan tayanchi” otryadi a’zolari bir nechta mezonlar asosida baholab boriladi. Bunda ularning o‘quv fanlarini o‘zlashtirish darajasi, fan va sport olimpiadalaridagi natijalari, kitobxonlik ko‘rsatkichi, tanlovlardagi ishtiroki, harakat doirasida tashkil etilgan musobaqalar, konferensiyalar, ommaviy va vatanparvarlik tadbirlaridagi faolligi inobatga olinadi.
O‘quvchilarning baholari sinf jurnallari hamda “kundalik.com” raqamli ta’lim platformasidagi ma’lumotlar asosida hisoblanadi. Ushbu baholar “Vatan tayanchi” otryadi rahbari tomonidan alohida jadvalga kiritiladi hamda choraklik va yillik o‘rtacha ko‘rsatkich chiqariladi.
Umumta’lim fanlari bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich 4,0 dan yuqori bo‘lgan o‘quvchilarga quyidagi tartibda ball berilishi taklif etilmoqda:
- 4,0 dan 4,3 gacha — 10 ball
- 4,4 dan 4,7 gacha — 15 ball
- 4,8 dan 5,0 gacha — 20 ball
Agar o‘quvchining yakuniy o‘rtacha bahosi 4,0 dan past bo‘lsa, unga ball berilmaydi.
Otryad a’zolarining o‘quv yili yakunidagi ballari teng bo‘lib qolsa, tavsiyanoma berishda qo‘shimcha mezonlar hisobga olinadi. Xususan, ishchi guruh qaroriga ko‘ra, harbiy kasbga qiziqish, fan va sport yo‘nalishlaridagi yutuqlar, innovatsion loyihalar yaratishdagi natijalar, ayniqsa respublika bosqichidagi 1-, 2- va 3-o‘rinlar e’tiborga olinadi.