Sertifikat uchun topshiriladigan imtihon savollari OTMga qabul testlaridan qiyinroq bo‘ladi – DTM vakili


O‘zbekistonda 2020 yil 1 dekabrdan boshlab bosqichma-bosqich bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga mos fanlar bo‘yicha milliy test tizimi joriy etilmoqda. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan «Umumta'lim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimi» mavzusida matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

Davlat test markazi bosh yuriskonsultanti Guljahon Madrahimova intervyusida umumta'lim fanlari bo‘yicha sertifikatlash tizimi imtihonlari murakkabligi jihatidan yozgi imtihonlar, ya'ni OTMlarga kirish testlaridan qanchalik farq qilishi haqida aytib o‘tdi.

«Milliy test tizimida foydalaniladigan savollarning formati yozgi testlarda foydalaniladigan savollardan ancha farq qiladi. Bu testlar turli kompetensiyalar orqali baholanadi, ya'ni yozma, grammatika va og‘zaki nutq kompetensiyasi tekshiriladi.

Yozgi test sinovlarida esa, odatiy test sinovlaridan foydalanilgan va uning qiyinlik darajasi Milliy sertifikatlash tizimida foydalaniladigan savollardan ancha yengil», – dedi Madrahimova.

DTM mas'uli milliy test tizimi o‘tkazilishi tartibi bo‘yicha ma'lumot berdi.

«Sertifikat olish uchun milliy test tizimida bitta fandan chuqur bilimga ega bo‘lish talab qilinadi hamda imtihonlar yil davomida ixtiyoriy tartibda o‘tkaziladi. Talabgorlarimiz yil davomida o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib imtihon topshirishlari mumkin.

Mazkur sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentga faqat o‘sha fandan proporsional ball berilishi belgilangan. Masalan, sertifikat olish jarayonida abituriyentimiz 80 yoki 90 foizlik ko‘rsatkichlarni ko‘rsatishi mumkin, bu yozgi test sinovlari o‘sha fandan maksimal ballning aynan shuncha foizi berilishini bildiradi», deya qo‘shimcha qildi u.

Shuningdek, qachon barcha umumta'lim fanlari bo‘yicha sertifikatlash tizimi joriy qilinishi ma'lum qilindi.

«Qarorda ko‘rsatib o‘tilganidek barcha umumta'lim fanlari bo‘yicha sertifikatlash tizimi joriy qilinishi belgilangan. 2024 yilgacha bosqichma-bosqich barcha umumta'lim fanlari bo‘yicha ushbu tizim joriy qilinadi», dedi Guljahon Madrahimova.

Ma'lumot uchun, bitta fandan test topshirish qiymati BHMning 1,5 baravari etib belgilangan. Talabgor test topshirish uchun DTM saytida ro‘yxatdan o‘tadi.