Samarqand davlat chet tillar institutida Amerika Qo‘shma Shtatlarining Vebster universiteti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Mazkur universitet vitse-prezidenti Piter Maxer va chet tili fakulteti dekani doktor Je Kayzerning Samarqandga tashrifi davomida ushbu kelishuvga erishdilar.
Tashrif davomida mehmonlar SamDChTI o‘qituvchilari bilan seminar-trening o‘tkazib, sohaga doir ilg‘or tajribalarini o‘rtoqlashdi. Yaqin kelajakda Vebster universiteti talabalari uchun Samarqandda qisqa muddatli “O‘zbek tili va madaniyati" o‘quv kurslarini tashkil qilish, amerikalik professor-o‘qituvchilarni institutning o‘quv jarayonlariga jalb etish masalalari yuzasidan kelishib oldilar.
Dunyo reytingida salohiyatli kadrlar yetkazib berish darajasiga ko‘ra yuqori o‘rinlarda turuvchi ushbu xorij universiteti bilan o‘zaro hamkorlikda bir qator istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, malakali mutaxassislar tayyorlashga erishish bo‘yicha dastlabki aloqalarga kirishilganiga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q.
Joriy yilning may oyida Vebster universiteti professor olimlari ilk bor ko‘hna kentga tashrif buyurgan bo‘lsa, iyul oyi oxirida samarqandlik olimlar Amerikada bo‘lib, hamkorlik yuzasidan kelishuvlarga erishdi.
Manba: xabar.uz