Samarqand davlat universitetining O‘zbekiston-Finlyandiya pedagogika instituti tashkil etildi


Hukumat qarori (408-son, 29.06.2021 y.) bilan Samarqand davlat universitetining Pedagogika instituti negizida Samarqand davlat universitetining O‘zbekiston-Finlyandiya pedagogika instituti tashkil etildi.

Institut davlat oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi.

Pedagogika sohasi bo‘yicha tarbiya va o‘qitish usullari, taʼlim jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llash ko‘nikmalariga ega professional oliy maʼlumotli kadrlarni tayyorlash Institutning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.

Institutda o‘quv jarayoni:

  • Finlyandiya taʼlim dasturlari va texnologiyalari asosida tashkil etiladi;
  • 2021/2022 o‘quv yilidan boshlanadi.

Shunga ko‘ra, Universitetda pedagogika taʼlim sohasining bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari va ularning negizidagi tegishli magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qabul to‘xtatiladi.

2021/2022 o‘quv yili uchun Institutga kunduzgi, sirtqi hamda kechki taʼlim shakli bo‘yicha qabul parametrlari davlat komissiyasi qaroriga asosan, 2022/2023 o‘quv yilidan esa har yili tasdiqlanadigan respublika OTMga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.