Qozogʻistondagi 2 ta OTM litsenziyasi toʻxtatildi


Qozogʻiston Taʼlim va fan vazirligining yozishicha, “Orda" (avvalgi “Silkway" xalqaro universiteti) va “Miras" universitetlari litsenziyasi toʻxtatildi.

Maʼlum qilinishicha, 2020-yilda universitetlarda oʻtkazilgan tekshiruvlar natijasida bir qator qonun buzilishi holatlari aniqlangan. Mazkur kamchiliklar bartaraf etilguniga qadar mazkur OTMlar faoliyati toʻxtatilgan edi.

“OTMlar oʻtgan 8 oy mobaynida taʼlim muassasalarida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish emas, qoʻmita qarori ustidan shikoyat qilish bilan oʻtkazgan. Ammo Chimkent shahrining tumanlararo ixtisoslashtirilgan maʼmuriy sudi qaroriga koʻra, qoʻmita qarori oʻz kuchida qoladigan boʻldi", – deyiladi vazirlik xabarida.

Shuningdek, vazirlik xabarida keltirishicha, avvalroq mamlakatning Taʼlim sifatini taʼminlash boʻyicha mustaqil agentlik ushbu universitetlar akkreditatsiyasini toʻxtatgan. Qozogʻiston qonunchiligiga koʻra, bu OTMlarning bitiruvchilarga diplom bera olmasligini anglatadi.

“Qozogʻiston Respublikasining «Taʼlim toʻgʻrisida» gi Qonuniga binoan, taʼlim faoliyati bilan shugʻullanish uchun litsenziyani bekor qilish yoki taʼlim tashkilotini tugatish bilan muassisi talabalarni boshqa taʼlim tashkilotlariga oʻtkazish choralarini koʻradi", – deya qoʻshimcha qilinadi xabarda.

Taʼkidlash lozim, oʻz davlatida litsenziyaga ega boʻlmagan va akkreditatsiyalanmagan xorijiy OTMlar diplomlari Oʻzbekistonda tan olinmaydi.