Qo‘shni respublikalarda o‘qiyotgan talabalar test sinovlarsiz O‘zbekistonga “perevod” qilinishi haqidagi xabarlar rad etildi


Ijtimoiy tarmoqlarda xorijdan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov imzosi tushirilgan xat tarqaldi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ushbu xat va undagi ma’lumotlar hech qanday asosga ega emasligini ma’lum qildi.

Tarqalgan xatda “oliy ta’lim muassasalarida dars mashg‘ulotlarining boshlangani munosabati bilan qo‘shni respublikalarda tahsil olayotgan barcha talabalarga yozgi ko‘chirish davrida test-sinovlarsiz, to‘lovlarsiz soddalashtirilgan tartibda O‘zbekistonda o‘qishga ruxsat etiladi", deyilgan.

“Hurmatli ijtimoiy tarmoq faollari! Har xil soxta axborotlarga ishonib qolmasliklaringizni yana bir bor so‘rab qolamiz va OTMga o‘qishni ko‘chirishga doir har qanday xabarning haqiqiyligini avval vazirlikning Telegram’dagi @eduuz rasmiy kanali orqali tekshirib ko‘rishingizni tavsiya etamiz.

Shu bilan birga, asossiz va yolg‘on axborotni tarqatganlik uchun qonunchilikda javobgarlik belgilanganini yana bir bor eslatib o‘tamiz", — deyiladi munosabatda.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oxirlarida ijtimoiy tarmoqlarda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi nomidan xorijdan o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lgan talabalar hech qanday imtihonlarsiz o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirishga ruxsat berilishi va ko‘chirish uchun barcha hujjatlar 15-fevralgacha qabul qilinishi to‘g‘risida xabarlar tarqalgandi. Keyinroq vazirlik buning yolg‘on ekanini to‘g‘risida munosabat bildirgan edi.