“Qishki perevod” haqida rasmiy maʼlumot


Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bahorgi semestrda uzrli sabablarga koʻra oʻqishni koʻchirish toʻgʻrisidagi arizalarni qabul qilish boʻyicha hududiy ISHCHI GURUHLARI faoliyati yoʻlga qoʻyilganini maʼlum qildi.

Hududiy ishchi guruhlari 2022-yilning 20-yanvar kuniga qadar (shu kuni ham) soat 9:00 dan 17:00 gacha (yakshanba va bayram munosabati bilan belgilangan sanalar – dam olish kuni; shanba — soat 9:00 dan 15:00 gacha) faoliyat koʻrsatadi.

Nizomga koʻra, talabalar oʻquv yilining oʻrtasida quyidagi uzrli sabablar boʻlsagina ariza topshirishlari mumkin:

  1. respublikaning bir hududidan ikkinchi hududiga doimiy yashash uchun yoki turmushga chiqish munosabati bilan turmush oʻrtogʻi doimiy yashaydigan (doimiy roʻyxatdan oʻtgan) hududga koʻchib oʻtganda;
  2. turmush oʻrtogʻi yoki ota-onasi harbiy xizmat oʻtash joyini oʻzgartirganda;
  3. ota-onasi (turmush oʻrtogʻi) xorijdagi davlat xizmatidan qaytganda.

BU MUHIM: ushbu holatlar faqatgina 2021/2022 oʻquv yili mobaynida boʻlgan boʻlishi kerak. Boshqacha aytganda 2021-yil sentyabr-dekabr oylarida yashash joyi oʻzgargan, turmushga chiqqan, harbiy xizmat joyi oʻzgargan yoki xorijdagi DAVLAT XIZMATIdan qaytgan boʻlishi lozim. Masalan, oʻtgan yili turmushga chiqqan boʻlsayu, endi oʻqishni koʻchirmoqchi boʻlsa, qoida tariqasida, oʻquv yili oʻrtasida ruxsat berilmaydi.

Yuqoridagi ushbu sabablardan boshqa holatlarda fuqarolar “qishki perevod"dan foydalana olmaydi, ular oʻqishni koʻchirish boʻyicha umumiy tartibda har yili 15-iyuldan 5-avgustga qadar ariza bilan murojaat qilishlari mumkin.

Oʻqishni qayta tiklash boʻyicha (koʻchirib tiklash bundan mustasno) arizalar talabaning chetlatilganligiga necha yil boʻlganligidan qatʼi nazar bevosita muayyan OTMga taqdim etiladi.