Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Qarshi filialida Italiyaning Sannio hamda Fransiyaning Sarbonna kabi nufuzli universitetlarining professor-o‘qituvchilari ishtirokida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tibbiyot sohasida keng qo‘llash ko‘nikmalariga ega bo‘lgan kadrlarni tayyorlashni yo‘lga qo‘yish hamda zamonaviy axborot texnologiyalarining ilg‘or yutuqlarini tibbiyot sohasida, jumladan reabilitatsiyada qo‘llash bo‘yicha xalqaro ish tajribalarni o‘rganish maqsadida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filialida Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi doirasida «TechReh – tibbiyotda innovatsion texnologiyalar» nomli loyihaning xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur konferensiyada Italiyaning Sannio hamda Fransiyaning Sarbonna kabi dunyo miqyosidagi nufuzli universitetlar professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Konferensiyada ishtirok etgan xorijlik professor-o‘qituvchilar ushbu oliy ta’lim muassasasida tashkil etilgan Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi doirasidagi TechReh xalqaro loyihasining «Tibbiyotda texnik reabilitatsiya» ilmiy laboratoriyasi faoliyati bilan tanishdilar.