Qabul boshlanmoqda! Abituriyentlar diqqatiga: o‘zgarishlar bisyor


Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish tartib va qoidalari bu yil o‘tgan yilgilariga nisbatan ancha o‘zgarishlarga boy bo‘lmoqda.

Tizimdagi qabul kvotalari yangi qurilayotgan korxonalarning hududiy joylashuvi, korxona va tashkilotlarning istiqbolga mo‘ljallangan talab va ehtiyoji, bitiruvchilarning tanlangan mutaxassislik bo‘yicha ishga joylashuvi monitoringi ma’lumotlari asosida shakllantirilgan.

Yangi o‘quv yilidagi qabul kvotalari o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 10659 o‘ringa, ya’ni 17,5 foizga oshgan. Kvota bakalavrlar uchun 66316 o‘rin, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha 18194 ta va to‘lov-kontrakt asosida 48122 ta etib belgilandi. O‘tgan yilgi ko‘rsatkichlarga solishtirganda, bu yil to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinishi rejalashtirilgan talabalar soni 9710 nafarga ko‘p. Magistratura uchun 5000 ta o‘rin ajratilgan bo‘lib, bu ilmiy salohiyatli, tor yo‘nalishlarga ixtisoslashgan mutaxassislar soni oshadi, deganidir.

Oliy ta’limdagi sirtqi bo‘limlar

Axborot texnologiyalari, konchilik, temir yo‘l yo‘nalishlari bo‘yicha uchta oliy ta’lim muassasasida maxsus sirtqi bo‘limlar ochildi. Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus sirtqi bo‘limiga 100 nafar, jumladan, davlat granti bo‘yicha 15, to‘lov-kontrakt asosida 85 nafar, Navoiy davlat konchilik institutiga to‘lov-kontrakt asosida 90 nafar, Toshkent temir yo‘l muhandislari institutiga to‘lov-kontrakt asosida 80 nafar abituriyent qabul qilinadi. Istovchilar yo‘nalishiga mos kasb-hunar kollejini tugatgan bo‘lishi shart. Shuningdek, shu sohada kamida 3 yillik mehnat staji, maxsus sirtqi bo‘limda oliy ma’lumot olishi uchun tegishli korxona va tashkilotlar tomonidan berilgan tavsiyanomaga ega bo‘lishi kerak.

Kasblar soni oshdi

Yurtimizning 36 oliy ta’lim muassasasida 114 bakalavriat yo‘nalishi, 42 oliy ta’lim muassasasida 104 magistratura mutaxassisligiga qabul yangidan yo‘lga qo‘yilmoqda. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalarida bakalavriatda 6 ta, magistraturada 8 ta mutlaqo yangi, kasb klassifikatorimizda ilgari mavjud bo‘lmagan yo‘nalish va mutaxassisliklar tashkil etildi. Jumladan, korporativ moliya (Toshkent moliya instituti), avtomobil yo‘llari, ko‘priklar, panellar, yo‘l o‘tkazgichlar va aerodromlarni loyihalash va qurish; shahar yo‘llari va ko‘chalari (Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilish instituti).

Yangi tashkil etilgan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida qishloq xo‘jaligini avtomatlashtirish, elektrlashtirish, mutlaqo yangi meliorativ gidrologiya kabi yo‘nalishlar mavjud.

Namangan muhandislik-qurilish institutida bu yildan texnologik mashinalar va jihozlar, bino va inshootlarni qurish, qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalarini ishlab chiqarish kabi qurilish va arxitekturaga ixtisoslashgan yo‘nalishlarga qabul amalga oshiriladi.

Termizda texnika va agrar sohalarda mutaxassilar

Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida Toshkent davlat texnika va Toshkent davlat agrar universitetlarining filiallari ochilmoqda. Toshkent davlat texnika universitetining Termiz filialiga ikkita fakultet uchun 8 yo‘nalishda 350 nafar talaba qabul qilinishi belgilangan.

Shifokor kadrlar

Shifokor kadrlarni hududlar kesimida tizimli ta’minlash uchun tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga maqsadli qabul yo‘lga qo‘yiladi. Eni tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining grant o‘rinlari maqsadli qabul uchun ajratiladi. Bu tajriba keyingi yillardan boshqa oliy ta’lim muassasalarida ham joriy etilishi mumkin. Tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga maqsadli qabul bo‘yicha keyinroq to‘liq ma’lumotlar taqdim etiladi.

68 ball?

Bu belgilangan kvotalardan tashqari oshirilgan to‘lov-kontrakt summasi bo‘yicha qo‘shimcha qabul chegarasidir. To‘lov-kontrakt summasini to‘lashga qodir abituriyent ariza beradi. Ta’lim muassasi tomonidan belgilangan kvotalardan kelib chiqqan holda abituriyentlar to‘plagan ballar ketma-ketligini qat’iy saqlagan holda, oshirilgan kontrakt summasi bo‘yicha abituriyentlarni o‘qishga qabul qilish boshlanadi. To‘lov-kontrakt summasining oshirilgan stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha qabul o‘tish balini to‘play olmagan abituriyentlarning to‘plagan baliga muvofiq yuqoridan pastga ketma-ketlik tartibini buzmagan holda amalga oshiriladi.

To‘lov-kontrakt summasining oshirilgan stavkasi miqdori hozircha ma’lum emas. Belgilangan summa faqat 1-kursda to‘lanishi kerakmi yoki 4 yil mobaynidami, bunga ham aniqlik kiritilmagan.

Hujjatlar 15 iyundan 15 iyulga qadar qabul qilinadi. Test sinovlari esa har doimgidek 1 avgustda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Qabul komissiyasi va kvotalar haqidagi oxirgi ma’lumotlarni berib boramiz. Bizni kuzatishda davom eting.

Bu yilgi qabul kvotalari bilan quyidagi manba orqali batafsil ma'lumot olishingiz mumkin: QABUL 2017