OTMlarning bakalavriat bosqichiga qabul 20 iyundan boshlanishi kerak. Biroq qabulga juda oz qolayotgan bo‘lsa-da, hali ham kvotalar tasdiqlanmadi.
Bu yil ham OTMlarga qabul kvotalari tasdiqlanishi kech qolyapti. O‘tgan 2022 yilda ham, undan oldingi yillarda ham kvota qabul vaqtiga taqalib tasdiqlanadi.
Jumladan, 2022 yilda – qabul kvotasi 15 iyunda tasdiqlangan. Buning ortidan hujjat qabul qilish jarayonlari odatiy 15 iyundan emas, balki 20 iyundan boshlanadigan bo‘ldi.
- 2019 yilgi qabul kvotasi to‘g‘risidagi qaror 17 iyunda chiqqan.
- 2020 yilgi qabulda kvota nisbatan ertaroq, 13 iyunda tasdiqlangan.
- 2021 yilda kvotalar 22 iyunda e’lon tasdiqlangan va shu kundan qabul boshlangan.
O‘tgan yili kvota tasdiqlanishi kechikkanda sobiq oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov OTMlarga qabul tizimidagi o‘zgarishlarning ko‘p bo‘lganini va bu o‘zgarishlar qabul kvotasi bilan bitta qarorda tasdiqlanganini sabab qilib ko‘rsatgandi.
“Kvota ancha oldin tasdiqlangan edi. Shuning uchun keyingi o‘quv yillarida muammo bo‘lmasligi uchun, bu qaror va farmoyishda belgilanadi. Endi qaror chiqishi shart bo‘lmaydi. Kvotalar oldinroq chiqishi uchun farmoyish bilan chiqadi. Va bu qabulga aloqador o‘zgarishlar bilan yaxlitlanmaydi", – degandi sobiq vazir.
2023 yil qabul kvotasi ham hali tasdiqlanmadi. Lekin oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov kvota miqdori haqida ma’lumot berib o‘tgandi.
Vazirga ko‘ra, 2023-2024 o‘quv yilida 381 ming abituriyent qabul qilinishi rejalashtirilyapti. Shundan 60 ming kvota davlat grantlariga ajratiladi. Lekin qachon tasdiqlanishi haqida aniq ma’lumot berilgani yo‘q.
Hali kvota tasdiqlanmadi, lekin qabul kuni aniq: atigi 5 kun qoldi. Abituriyentlar kvota bilan tanishishiga ham vaqt kerak axir.