Toshkent shahar prokuraturasi KUN.UZ tahririyatining oliy ta`lim maskanlariga davlat test imtihonlari o‘tkazilishida qonunbuzarliklar yo‘l qo‘yilgani yoki yo‘qligini aniqlash bo‘yicha taqdimnomasiga javob berdi.
Ma`lumki, tahririyat muxbiri internet saytida e`lon qilingan test natijalariga doir surishtiruv natijalarini shu yilning 19 oktabrida shahar prokuraturasi rasmiy vakiliga taqdim etgan edi. 28 dekabr kuni Toshkent ShIIBBda bo‘lib o‘tgan matbuot brifingida ayni taqdimnomani o‘rganish bo‘yicha bayonot berildi.
Toshkent shahar prokuraturasi rasmiy vakili Bobir Dehqonovning so‘zlariga ko‘ra, prokuratura organlari KUN.UZ saytida e`lon qilingan maqolalarni chuqur o‘rganib, tegishli surishtiruv ishlarini olib borib, davlat test imtihonlarida qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilmagan, degan xulosaga kelgan.
“Siz taqdim etgan barcha hujjatlar tegishli tarmoqqa topshirilgan, prokuraturaning tegishli idoralari tomonidan, mutaxassislarni jalb qilgan holda to‘liq o‘rganib chiqildi. Fuqarolar, hujjatda ko‘rsatilgan OTM yoki ta`lim yo‘nalishlari bo‘yicha fuqarolardan tushgan murojaatlar asosida barcha hujjatlar qabul qilingan va daxldor mansabdor shaxslar bilan suhbatlar uyushtirilgan.
To‘plangan hujjatlar va ma`lumotlarga ko‘ra, test sinovlari davomida qonun buzish holatlari aniqlanmagan. Jumladan, fuqarolar e`tirozlariga sabab bo‘lgan tartibbuzarliklar, javoblar varaqalari bo‘yicha yonma-yon o‘tirishlar, bir-biriga yordam berish, taqiqlangan vositalardan foydalanish, test materiallarining auditoriyadan chiqish holatlari kuzatilmagan.
Shu bilan birga, Davlat test markaziga muhrlangan holatda olib kelingan javob varaqalari bo‘yicha yopiq rejim – maxsus nazoratda tekshirilgan va shunday tartibda qabul komissiyalariga taqdim qilingan", - dedi Toshkent shahar prokuraturasi rasmiy vakili.
Manba: kun.uz