Profilaktika inspektorlari yurisprudensiya yo‘nalishi mavjud OTMga imtihonsiz qabul qilinadi


“Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlarining yuridik yo‘nalishdagi bilimlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.

2022/2023 o‘quv yilidan ichki ishlar organlarida 3 yildan ortiq ish stajiga ega bo‘lgan, kasbiga fidoyi, tashabbuskor profilaktika (katta) inspektorlari quyidagi OTMga kirish imtihonlarisiz sirtqi ta'lim shakliga o‘qishga qabul qilinadi: Jamoat xavfsizligi universitetiga; Toshkent davlat yuridik universitetiga; yurisprudensiya sohasida bakalavriat ta'lim yo‘nalishi mavjud bo‘lgan boshqa davlat OTMga (Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi hamda Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti bundan mustasno).

Bunda profilaktika (katta) inspektorlariga o‘qishga tavsiyanomalar berish uchun komissiya tashkil etilib, nomzodlar test imtihonlaridan o‘tkaziladi. Tavsiyanomalar OTM o‘rtasida teng taqsimlanadi.

O‘qishga qabul qilish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi hamda kontrakt mablag‘lari respublika budjeti mablag‘lari hisobidan to‘lab beriladi. Tavsiyanomaga ega profilaktika (katta) inspektorlari OTMning sirtqi ta'lim shakliga qabul parametrlaridan tashqari o‘qishga qabul qilinadi. 

2022 yil 1 maygacha 100 nafar profilaktika (katta) inspektorlariga tavsiyanoma berilishi nazarda tutilgan. Tavsiyanoma asosida OTMda sirtqi ta'lim shaklida o‘qigan bitiruvchilarga ichki ishlar organlarida kamida 5 yil xizmat o‘tab berish majburiyati yuklatiladi.