Prezident stipendiyasini berish tartibiga o‘zgartirish kiritilmoqda


Prezident davlat stipendiyasini berish tartibiga o‘zgartish kiritish taklif qilinmoqda. "O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 1993 yil 5 fevraldagi PF-555-son “O‘zbekistonning o‘quvchi yoshlarini rag‘batlantirish choralari to‘g‘risida"gi farmoniga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida"gi hujjat loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasiga qo‘yildi.

Birinchi bandda kiritilayotgan o‘zgarishga ko‘ra, tadqiqotchilik faoliyatini muvaffaqiyatli amalga oshirayotgan va butun o‘qish davrini a’lo baholarga o‘qigan oxirgi o‘quv yili talabalari uchun O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Davlat stipendiyalari ta’sis etiladi.

Avvalgi hujjatda sal boshqacharoq edi: "Oxirgi yil o‘qiyotgan talabalar va aspirantlar — butun o‘qish davridagi a’lochilar hamda tadqiqotchilik faoliyatini muvaffaqiyatli amalga oshirayotganlar uchun O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Davlat stipendiyalari ta’sis qilinsin".

Shuningdek, yangi hujjatga ko‘ra, stipendiatlarning soni magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha 11 ta, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha har bir oliy ta’lim muassasasi uchun bittadan bo‘lib, har biri talaba o‘rtacha stipendiyasining uch barobari miqdorida belgilanishi taklif qilingan.

Avvalgi farmonga ko‘ra, ushbu stipendiyalar soni talabalar uchun har biri talabaning o‘rtacha stipendiyasi miqdoridan uch karra ko‘p bo‘lgan 10 ta va aspirantlar uchun — har biri aspirant stipendiyasi miqdoridan ikki karra ko‘p bo‘lgan 5 ta etib belgilangan.


Manba: turon24.uz