Prezident maktablariga imtihonlarni o‘tkazish va qabul qilish tartibi ma'lum bo‘ldi


Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Prezident maktabi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida"gi qarori loyihasi joylashtirildi, deb yozadi Kun.uz.

Prezident maktabi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, Prezident maktablari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 14 ta birlik miqdorida tashkil etiladi, shuningdek, Xalq ta'limi vazirligi Prezident maktabining ta'sischisi hisoblanadi.

Prezident maktablari bevosita Vazirlikka bo‘ysunadi. Vazirlik Prezident maktablari faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi va nazoratni amalga oshiradi.

Prezident maktablarida umumiy o‘rta ta'lim olish bepul amalga oshiriladi.

Prezident maktabini tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ta'lim jarayonida ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash orqali iqtidorli bolalarni aniqlash va o‘qitish tizimini shakllantirish, shuningdek, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ma'naviy boy va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash kafolatlarini ta'minlashdan iboratdir.

Prezident maktabi faoliyatining asosiy vazifalari va ustuvor yo‘nalishlari:

iqtidorli bolalarni aniqlash, tanlash va o‘qitish, ularning har tomonlama rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, shuningdek o‘quvchilarning intellektual, ilmiy va ijodiy salohiyatini ochib berish;

tabiiy va aniq fanlarni chuqur o‘rganish, xorijiy tillar, muhandislik va axborot texnologiyalarini o‘zlashtirishni tashkil qilish, o‘quvchilarning innovatsion g‘oyalari va ishlanmalarini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;

o‘quvchilarni o‘qitish va ular bilimini baholashning zamonaviy uslublarini, shuningdek ta'lim dasturlarining integratsiyalashuviga asoslangan o‘qitishning fanlararo yondashuvini joriy qilish va keyinchalik ijobiy tajribani respublika xalq ta'limi tizimiga tatbiq etish;

o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish, ularda yetakchilik ko‘nikmalari va notiqlik san'atini rivojlantirish, tanqidiy fikrlash, axborotni izlash, tahlil qilish va qayta ishlash, olingan bilimlarni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha malakasini oshirish;

o‘quvchilarning umumta'lim fanlari bo‘yicha xalqaro olimpiadalar, tanlovlar va musobaqalarda munosib ishtirokini ta'minlash;

o‘quvchilarda vatanparvarlik va Vatanga muhabbat tuyg‘usini, bag‘rikenglik, qonunlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan munosabatni, hayotga qat'iy ishonch va qarashlarni shakllantirish;

o‘quv dasturlarining uzluksizligini ta'minlash masalalarida xuddi shu yo‘nalishdagi milliy va xorijiy umumiy o‘rta va oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, bitiruvchilarning ilg‘or xorijiy oliy o‘quv yurtlarida va ularning respublikamizdagi filiallarida o‘qishini davom ettirish.

Prezident maktabi quyidagi huquqlarga ega:

ikkita sinfga bir xil — 12 nafardan o‘quvchi taqsimlangan, 24 nafar o‘quvchidan iborat bo‘lgan yillik qabul kvotasi doirasida o‘quvchilarni qabul qilishni amalga oshirish;

o‘quv mashg‘ulotlari jadvalini ishlab chiqish va tasdiqlash;

o‘z ustav faoliyatini amalga oshirish uchun qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan moliyaviy mablag‘larning qo‘shimcha manbalarini jalb etish;

Ishchi organ bilan birgalikda yuqori malakali xorijiy mutaxassislar va boshqa xodimlarni jalb etish;

Vazirlik hamda boshqa davlat organlari va tashkilotlari tomonidan davlat siyosati, ijtimoiy-madaniy va xalq ta'limi sohasidagi muhim masalalarni muhokama qilish va dolzarb muammolarni hal etishga bag‘ishlangan yig‘ilishlarda, majlislarda va boshqa tadbirlarda belgilangan tartibda ishtirok etish;

Vazirlikning tegishli tarkibiy tuzilmalari bilan belgilangan tartibda unga yuklangan vazifalarni o‘z vaqtida, samarali va sifatli bajarish uchun o‘zaro hamkorlik qilish;

Prezident maktabi bitiruvchilariga davlat namunasidagi ta'lim to‘g‘risidagi hujjat (guvohnoma, shahodatnoma) bilan bir qatorda yetakchi xorijiy oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish imkoniyatini beruvchi tegishli xalqaro darajadagi dastur diplomi (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels)ni berish;

sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish uchun tanlov jarayonini amalga oshirish orqali eng yaxshi takliflar asosida tadbirkorlik sub'yektlari bilan davlat-xususiy sheriklik shartlari bo‘yicha shartnomalar tuzish.

Prezident maktabida ta'lim jarayoni Vazirlik tomonidan tasdiqlangan amaldagi Davlat ta'lim standartlarini hisobga olgan holda umumiy o‘rta ta'lim sohasida xizmat ko‘rsatuvchi ixtisoslashtirilgan xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlab chiqiladigan o‘quv reja va dasturlariga muvofiq amalga oshiriladi.

O‘quv jarayoni jadvali, o‘quv mashg‘ulotlarining turlari va davomiyligi, o‘quvchilarning o‘quv yuklamasi, tashkil etish shakllari va o‘quv-tarbiya jarayonining boshqa masalalari vazirlik tomonidan tasdiqlangan ta'lim sohasida xizmat ko‘rsatuvchi ixtisoslashgan xorijiy tashkilotlar bilan birgalikda ishlab chiqilgan ta'lim dasturlari va Vazirlikning boshqa normativ hujjatlariga muvofiq belgilanadi.

Ta'lim sifatini nazorat qilish xalqaro ta'lim standartlarini inobatga olgan holda davlat ta'lim standartlari talablariga muvofiq amalga oshiriladi. Ta'lim sifatini nazorat qilishni ta'minlash uchun maxsus xorijiy tashkilotlar ham jalb qilinishi mumkin.

Prezident maktabi bitiruvchilariga davlat namunasidagi ta'lim to‘g‘risidagi hujjat (guvohnoma, shahodatnoma) beriladi.

Prezident maktabiga respublika umumta'lim muassasalarining to‘rtinchi sinf bitiruvchilari orasidan qobiliyatli va iqtidorli bolalar tanlov asosida qabul qilinadi.

Prezident maktabi faoliyatining birinchi yilida shu jumladan, o‘quvchilar 6-10-sinflarga qabul qilinadi.

O‘quvchilarni qabul qilish Ishchi organ tomonidan ta'lim sohasida xizmat ko‘rsatuvchi ixtisoslashgan xorijiy tashkilot bilan birgalikda o‘tkaziladigan kirish imtihonlari natijalari asosida amalga oshiriladi.

Prezident maktablariga qabulni to‘g‘ri tashkil etish mas'uliyati Ishchi organga yuklanadi. Prezident maktablariga qabul qilish teng huquqlik, adolat va shaffoflik prinsiplari asosida amalga oshiriladi.

Belgilangan kvotaga asosan kirish imtihonlari natijalari bo‘yicha eng yuqori ball olgan o‘quvchilar o‘qishga qabul qilinadilar.

Prezident maktablariga o‘quvchilarning hujjatlarini taqdim etish faqat ariza beruvchining hududiy mansubligi bo‘yicha amalga oshiriladi. Nomzod maktabining hududiy mansubligi Prezident maktabining hududiy mansubligiga mos kelishi kerak.

Hujjatlarni qabul qilish boshlanishidan kamida 10 kalendar kun oldin Ishchi organ O‘zbekiston Respublikasi hududida tarqatiladigan ommaviy axborot vositalarida Prezident maktablariga qabul qilish tartibi, hujjatlarni topshirish muddatlari va kvotalari to‘g‘risida jamoatchilikka ma'lumot beradi.

Prezident maktablariga hujjatlarni qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ta'lim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi, Xalq ta'limi vazirligi, O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi, Xalq ta'limi sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi, Respublika ta'lim markazi, shuningdek, Ishchi organ vakillaridan iborat Qabul komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Qabul komissiyasi tarkibi Xalq ta'limi vazirligi buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.

Qabul komissiyasi tarkibi komissiya raisi, komissiya raisi o‘rinbosari hamda uning a'zolaridan iborat bo‘ladi.

Qabul komissiyasi kotibi uning a'zolari orasidan rais tomonidan tayinlanadi.

Qabul komissiyasi unga yuklangan vazifalarni samarali ijro etilishi uchun mas'uldir.

Kirish imtihonlariga taalluqli barcha materiallar (so‘rovnomalar, testlar, javoblar va boshqalar) maxfiy xarakterga ega bo‘lgan ma'lumotlar deb hisoblanadi. Ishchi organ savollar va javoblarning maxfiyligini ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun javobgardir. Ma'lumotlar bazalari, axborot resurslari va axborot tizimlari, savollar va javoblarni o‘z ichiga olgan elektron axborot vositalari xavfsizligini ta'minlash ta'lim sohasida xizmatlar ko‘rsatuvchi ixtisoslashgan xorijiy tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.

Saralash tanlovida ishtirok etish uchun talabgorning ota-onasi va qonuniy vakillari belgilangan muddatlarda Qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

- ariza;

- talabgorning anketasi;

- talabgorning hujjatlari taqdim etilgan vaqtda ta'lim olayotgan maktabidan ma'lumotnoma.

- talabgorning sog‘lig‘i to‘g‘risidagi ma'lumotnoma;

- 2 ta rasm (3x4);

- tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma nushasi.

Talabgorning ota-onasi (qonuniy vakillari) ko‘rsatilgan hujjatlarni axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda elektron shaklda ham topshirish huquqiga egadirlar.

O‘rta ta'lim muassasalarining tegishli sinflarida o‘qishni to‘liq tamomlagan talabgorlar Prezident maktabining shu kabi sinfida takroran o‘qishni talab qilish huquqiga ega emaslar.

Hujjatlarni qabul qilishni rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:

belgilangan muddatlardan keyin saralash tanlovida ishtirok etish uchun ariza taqdim etish;

Prezident maktabiga saralash tanlovidan o‘tish uchun hujjatlarning to‘liq bo‘lmagan ro‘yxatini taqdim etish.

Kirish imtihonlari videokuzatuv va boshqa elektron-texnik vositalarni qo‘llagan holda maxsus ajratilgan joylarda o‘tkaziladi.

Kirish imtihonlari takroran o‘tkazilmaydi.

Kirish imtihonlarini o‘tkazish paytida talabgorlar hamda Ishchi organning mansabdor shaxslariga aloqa vositalarini olib kirish va foydalanish taqiqlandi. Talabgorlarga ma'lumotnoma materiallari va elektron-hisoblash texnikasini olib kirish va foydalanish taqiqlandi.

Ushbu Nizomning talablari buzilganda Ishchi organning mansabdor shaxslari talabgorni majburiy tartibda chetlatish aktini tuzgan holda kirish imtihonlaridan chetlashish huquqiga egadirlar.

Kirish imtihonlari natijalari umumiy qoidalar asosida qayta ko‘rib chiqilmaydi. Kirish imtihonlari natijalari bo‘yicha imtihon materiallari talabgorlarga taqdim etilmaydi.

Hujjatlarni taqdim etish paytida ko‘rsatib o‘tilgan ma'lumotlarning haqqoniyligi bo‘yicha mas'uliyat talabgorning ota-onasiga (qonuniy vakillariga) yuklatiladi.

Chet el davlatlarining fuqarolari kirish imtihonlarida ishtirok etishlariga ruxsat etilmaydi.

Kirish imtihonlari davlat va qoraqalpoq (Qoraqalpog‘iston Respublikasida) tillarida, hamda talabgorning tanloviga muvofiq ingliz tilida o‘tkaziladi.

Talabgorning ota-onasi (qonuniy vakillari) hujjatlarni qabul qilish muddati tugagunga qadar taqdim etilgan hujjatlarni qaytarib olish huquqiga ega.

Qabul komissiyasi talabgorlarning ma'lumotlar bazasini shakllantirish va yuritish maqsadida talabgorlar haqidagi kunlik ma'lumotlarni elektron shaklda Ishchi organga taqdim etib boradi.

Kirish imtihonlari har yili Ishchi organ tomonidan belgilangan muddatlarda o‘tkaziladi.

Kirish sinovlarini o‘tkazish jadvallari qabul komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi va Prezident maktabining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi hamda ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinadi.

Prezident maktabiga kirish imtihonlari arizalar sonidan kelib chiqib, bir necha bosqichlardan iborat bo‘lishi mumkin.

Kirish imtihonlarining birinchi bosqichi bir kun davomida matematika fanidan 20 ta topshiriqdan iborat test shaklida o‘tkaziladi. Belgilangan vazifani bajarish uchun 40 daqiqa vaqt ajratiladi.

Kirish imtihonlarining ikkinchi bosqichiga har bir o‘ringa 20 kishi hisobidan maksimal nomzodlar soniga ruxsat etiladi.

Prezident maktabiga kirish imtihonlarining ikkinchi bosqichi quyidagilardan iborat:

- axborotni tahlil qilish va solishtirish qobiliyatini aniqlash bo‘yicha

16 ta masala;

- mantiq elementlari bo‘lgan matematika fanidan 20 ta masala;

- ingliz tilidan 40 ta test savollari.

Bunda, 5-sinfga qabul uchun ingliz tilidan test faqatgina talabgorning umumiy salohiyatini sinash uchun xizmat qiladi. Prezident maktabi faoliyatining birinchi yilida 6-10 sinflarga kirishga talabgorlar uchun ingliz tili testi qabul mezonlaridan biri deb hisoblanadi va ballar beriladi.

Kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra har bir sinfga eng yuqori ball to‘plagan nomzodlar Prezident maktabi rahbariyati Ishchi organ bilan birgalikda suhbatdan o‘tkaziladi.

Suhbat chog‘ida o‘quvchining ota-onasi (qonuniy vakillari), zarur hollarda, psixolog, shuningdek, tibbiy xodim bo‘lishi shart.

Suhbat davomida bayonnoma yuritiladi hamda video va audio yozuvlarga ruxsat beriladi.

Kirish imtihonlari natijalarini tekshirish va baholash talabgorlarning javoblari natijalarini avtomatlashtirilgan statistik qayta ishlash usuli bilan amalga oshiriladi va ta'lim sohasida faoliyat yurituvchi va Ishchi organning strategik hamkori bo‘lgan xorijiy tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.

Imtihon natijalarini baholash mezonlari Ishchi organ tomonidan ta'lim sohasida xizmat ko‘rsatuvchi tegishli ixtisoslashtirilgan xorijiy tashkilot bilan birgalikda belgilanadi.

Kirish imtihoni natijalari Vazirlik va Prezident maktabining rasmiy veb-saytida imtihon topshirilgan kundan keyin 30 kun mobaynida joylashtiriladi.

Har bir o‘quv yili yakuni bo‘yicha zarurat bo‘lganda Ishchi organ ta'lim sohasida xizmatlar ko‘rsatuvchi ixtisoslashgan xorijiy tashkilot bilan birgalikda bo‘sh o‘quvchi o‘rniga o‘quvchilar qabulini amalga oshiradi.