O'zbekistonda Rossiyaning qator oliygohlari filiallari ochilishi kutilmoqda


Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tayotgan forum ikki mamlakatning ta`lim va ilm-fan sohasidagi hamkorligini yanada mustahkamlashga va oxir-oqibat davlatlararo munosabatlarning chuqurlashuvi yo‘lida xizmat qilishga yo‘naltirilgan.

Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimovning KUN.UZ muxbiriga xabar berishicha, 18-19 oktabr kunlari bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston-Rossiya ta`lim forumi sessiyalari doirasida umumiy hisobda 127ta kelishuv imzolanishi kutilmoqda.

Toshkent shahrida Rossiyaning yetakchi oliygohlaridan biri Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti ("MGIMO") filialini tashkil qilish, Toshkent kimyo-texnologiya instituti bazasida esa Rossiyaning D.I.Mendeleyev nomidagi kimyo-texnologiya universiteti filialini ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Forum doirasida shunga doir hujjatlar imzolanadi. 

Shuningdek, ta`lim forumi davomida "MIFI" milliy tadqiqot yadroviy universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamda Atom energetikasini rivojlantirish agentligi o‘rtasida uch tomonlama shartnoma imzolanadi. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston va Rossiya poytaxtlari hamda viloyatlaridagi qator universitetlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik o‘rnatishga doir ko‘plab bitimlar imzolanishi kutilmoqda. 

Ta`kidlash joizki, 18-19 oktabr kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston va Rossiyaning yetakchi oliy ta`lim muassasalari tashabbusi bilan O‘zbekiston-Rossiya ta`lim forumi bo‘lib o‘tadi. Forumda ikki mamlakat prezident ma`muriyatlari xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta`lim vaziri, Rossiya Federatsiyasi ta`lim va ilm-fan vaziri hamda ikki davlat oliygohlarining 80 dan ortiq rektori ishtirok etadi. 


Manba: kun.uz