21-oktabr kuni Jismoniy tarbiya va sport vazirligida Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti rektori Mixaylova Tamara Viktorovna boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Uchrashuvda jismoniy tarbiya va sport sohasi bo‘yicha ikki davlat o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, qishki sport turlari bo‘yicha trenerlar tayyorlash sohasida o‘zaro tajriba almashish kabi masalalar muhokama qilingan. Unga ko‘ra, bir qator muhim yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Xususan, O‘zbekistonda Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti filiali tashkil etiladi. Shuningdek, o‘zbekistonlik sportchi va murabbiylarga universitetning Rossiyadagi qishki sport turlariga ixtisoslashgan bazalarda shug‘ullanish imkoniyati yaratiladi.
Tadbirda so‘z olgan Dilmurod Nabiyev prezident tomonidan mamlakatda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirishga katta e`tibor qaratilayotganini ta`kidlab, hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalar ham soha rivojiga xizmat qilishi kutilayotgani va ushbu rejalarni hayotga tatbiq etishda barcha imkoniyatlar ishga solinishini ma`lum qildi.
Tamara Viktorovna universitetning yangi tashkil etiladigan filiali haqida shunday degan: «Mazkur filial universitetimizning xorijda tashkil etilayotgan birinchi filiali bo‘ladi. Uning tashkil etilishi nafaqat O‘zbekiston, balki barcha Markaziy Osiyo davlatlari yoshlarining ta`lim olishiga qulaylik yaratadi. Dastlab bir necha yo‘nalishda tashkil etiladigan filial yo‘nalishlari yildan-yilga kengaytirib boriladi. Biz muassasaning samarali faoliyat yuritishi uchun malakali mutaxassislarimizni jalb etamiz».
Uchrashuv yakunida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi va Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik shartnomalari imzolangan.
Ma`lumot uchun, Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti jismoniy tarbiya va sport sohasi bo‘yicha dunyodagi yetakchi oliy ta`lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunga qadar universitet tomonidan 60 mingdan ortiq yuqori toifali mutaxassislar tayyorlangan bo‘lib, ulardan 5 ming nafari xorijlik mutaxassislardir. Hozirgi paytda universitetda 6500 nafar talaba ta`lim olib, ulardan 600 nafari xorijiy davlat fuqarolari hisoblanadi. Universitetda 42ta kafedra faoliyat ko‘rsatib, magistratura, aspirantura, doktorantura bo‘limlari mavjud. Universitet tarkibida Jismoniy tarbiya va sport instituti, Ijtimoiy institut, Turizm, rekreatsiya, reabilitatsiya va fitnes instituti, Ilmiy-pedagogik institut hamda Sport va sport meditsinasi ilmiy-tadqiqot instituti kabi muassasalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu muassasa faxri bo‘lgan Markaziy ilmiy kutubxonada 700 mingdan ortiq jismoniy tarbiya va sportga oid adabiyot fondi mavjud bo‘lib, ushbu yo‘nalishda dunyodagi eng yirik kutubxonalardan biri hisoblanadi.
Manba: kun.uz