O‘zbekistonda Korrupsiyaga qarshi kurashish akademiyasi tashkil etiladi


Korrupsiyaga qarshi kurashish akademiyasini tashkil etish 2022—2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov 2021-yil yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Anjumanda Akmal Burhonovning ta’kidlashicha, akademiya faoliyati aholining deyarli barcha soha vakillarini qamrab oladi.

“2022—2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida davlatimiz rahbari tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha akademiya tashkil etish vazifa qo‘yildi. Biz hamkor tashkilotlar, oliy ta’lim muassasalari bilan birgalikda davlat xizmatchilari, tadbirkorlar, oddiy fuqarolar, maktab o‘quvchilari, bog‘cha tarbiyalanuvchilari, umuman olganda barchani qamrab oladigan, ham onlayn, ham oflayn o‘qitiladigan Korrupsiyaga qarshi kurashish akademiyasini tashkil etishni rejalashtirganmiz. Bu bo‘yicha ishlar olib borilyapti", — dedi agentlik direktori.

Burhonovning alohida ta’kidlashicha, tadbirda 2021-yildan boshlab Toshkent davlat yuridik universiteti magistratura yo‘nalishida korrupsiyaga qarshi kurashish va kompleans nazorat mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim berilmoqda. Lekin respublikada korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mutaxassislar yetishmayapti.

“Afsuski, bizda bugungi kungacha kompleans nazorat, ya’ni korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mutaxassislar yo‘q. Biz juda qiynalyapmiz. 200 dan ortiq vazirlik va idoralarda, hududiy tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarini tashkil qilishimiz kerak, lekin mutaxassis yo‘q. Ko‘pchilik korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasida huquqni nazorat qiluvchi idoralarda ishlab kelgan odam o‘tirishi kerak, deb o‘ylaydi. Yo‘q, u yerda sovg‘a siyosati, odob-axloq, xarid masalalari turibdi. Buni kompleks malakaga ega, nafaqat huquqni muhofaza qilish idoralarida ishlagan, balki iqtisodiy, ijtimoiy, ma’naviy bilimlari yuqori bo‘lgan xodimlarni olish masalasi turibdi. Bu bo‘yicha ham alohida magistratura yo‘nalishi ochilyapti", — dedi tashkilot rahbari.

Avvalroq Akmal Burhonov davlat xaridlarida Navoiy, Jizzax va Andijon viloyati hokimliklari 2021-yilda eng ko‘p manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganini aytib o‘tgandi. Shuningdek, u mansabdorlar mol-mulki va daromadlarini hisobga olish boshlanishi va deklaratsiya 2022-yil oxirigacha ommaga ochiqlanishini ma’lum qilgan.