O'zbekiston-Rossiya: Tibbiy ta`lim yo'nalishida hamkorlik qilishga doir hujjatlar imzolanadi


18-19 oktabr kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston va Rossiya yetakchi oliygohlari tashabbusi bilan O‘zbekiston-Rossiya ta`lim forumi bo‘lib o‘tadi. Forumda ikki mamlakat prezident ma`muriyatlari xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta`lim vaziri, Rossiya Federatsiyasi ta`lim va ilm-fan vaziri, shuningdek ikki davlat OTMlarining 80 nafar rektori ishtirok etadi.

KUN.UZ muxbirining Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimovning so‘zlariga asoslanib xabar berishicha, O‘zbekiston-Rossiya ta`lim forumi davomida ikki mamlakatning tibbiyot yo‘nalishida faoliyat yurituvchi oliy ta`lim muassasalari o‘rtasida qator hujjatlar imzolanishi kutilmoqda. Jumladan:

  • I.M.Sechenov nomli Birinchi Moskva davlat tibbiyot universiteti va Toshkent davlat stomatologiya instituti o‘rtasida Anglashuv memorandumi;
  • Sankt-Peterburg davlat pediatriya universiteti va Toshkent pediatriya tibbiyot instituti o‘rtasida "pediatrlik ishi" ixtisosligi bo‘yicha qo‘shma xalqaro dasturni yaratishga doir kelishuv;
  • Sankt-Peterburg davlat kimyo-farmatsevtika universiteti va Toshkent farmatsevtika instituti o‘rtasida hamkorlik bitimi;
  • Astraxan davlat tibbiyot universiteti va Samarqand davlat tibbiyot instituti o‘rtasida hamkorlik kelishuvi;
  • Astraxan davlat tibbiyot universiteti va Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti o‘rtasidagi hamkorlik bitimi;
  • Kursk davlat tibbiyot universiteti va Toshkent tibbiyot akademiyasi o‘rtasidagi hamkorlik kelishuvi;
  • Kursk davlat tibbiyot universiteti va Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti o‘rtasidagi hamkorlik bitimi;
  • Dog‘iston davlat tibbiyot universiteti va Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti o‘rtasidagi hamkorlik kelishuvi;
  • Kuban davlat tibbiyot universiteti va Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti o‘rtasidagi hamkorlik bitimi.

 O‘zbekiston-Rossiya xalqaro forumning maqsadi - ilmiy-tadqiqiy faoliyat va  yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga doir hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish. Forum O‘zbekiston va Rossiya oliy ta`lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish bo‘yicha dolzarb vazifalarni ochiq va keng muhokama qilish uchun platforma bo‘lib xizmat qiladi.

Shuningdek konferensiya davomida kafedralarning qo‘shma fakultetlarini yaratish, pedagog va professorlar malakasini oshirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, o‘quv va ilmiy adabiyotlar almashuvi, boshqa yo‘nalishlardagi hamkorlik masalalarini muhokama qilish rejalashtirilmoqda.

Forum yakunlariga ko‘ra, quyidagilar rejalashtirilmoqda:

  • O‘zbekistonda Rossiya oliygohlari filiallarini ochish;
  • Akademik almashuvni kengaytirish;
  • Qo‘shma ilmiy va innovatsion forumlar o‘tkazish;
  • Ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish;
  • Qo‘shma tadbirlar o‘tkazish;
  • OTMlar o‘rtasida axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish;
  • Hamkorlikni kengaytirish.

Manba: kun.uz