«O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati stipendiyasi joriy etildi


Gidroenergetika sohasining mutaxassislarga bo‘lgan talabini inobatga olgan holda malakali kadrlarni tayyorlash jarayonini qo‘llab-quvvatlash, xususan, iqtidorli talabalarni rag‘batlantirish maqsadida, «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati stipendiyasi joriy etildi. Bu haqda Xabar.uz xabar berdi.

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida mazkur stipendiyalarni o‘z egalariga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tantanali marosimda talablarga jamiyatning maxsus guvohnomasi va plastik kartochkalari berildi.

Mazkur stipendiyani ilk bor institutning jami besh nafar, (2 nafar magistr, 3 nafar bakalavr) talabasi qo‘lga kiritdi. Stipendiyalar miqdori eng kam ish haqining olti barobari — 1 216 380 so‘mni tashkil etadi. Mazkur stipendiya talabaning institut tomonidan oladigan stipendiyasidan tashqari, bir yil davomida berib boriladi.

Stipendiyaga taqdim etilgan nomzodlar institut ilmiy kengashi tavsiyasi va jamiyat tomonidan tuzilgan komissiyaning belgilangan talablari asosida aniqlandi.