“Huquqiy axborot" kanalida yozilishicha, bunda yoshlar yetakchisi ijobiy tavsiyasi bilan kontrakt 50 foizigacha, biroq BHM 50 baravaridan oshmagan qismi to‘lab beriladi.
Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar)lardagi “Yoshlar daftari" jamg‘armalari to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, tuman (shahar) “Yoshlar daftari" jamg‘armasi mablag‘lari:
- “Yoshlar daftari"ga kiritilgan va moddiy ahvoli og‘ir yoshlarga bazaviy hisoblash miqdori 4 baravarigacha miqdorda bir martalik moddiy yordam ko‘rsatishga;
- “Yoshlar daftari"ga kiritilgan yoshlarni tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘qitish uchun sarflangan xarajatlar 75 foizigacha qismini, biroq bir oygacha, bir oydan ikki oygacha, ikki oydan ortiq muddatli o‘quv kurslari uchun tegishlicha BHM 4, 8, 12 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi qismini qoplashga;
- “Yoshlar daftari"ga kiritilgan yoshlarga ular davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarida avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash o‘quv kursi xarajatlarini qoplash uchun BHM 4 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratishga;
- “Yoshlar daftari"ga kiritilgan, dehqonchilik va tomorqa xo‘jaligini yuritish bilan shug‘ullanayotgan yoshlarga urug‘lik va ko‘chatlar sotib olish uchun BHM 8 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratishga;
- “Yoshlar daftari"ga kiritilgan yoshlarga tadbirkorlik faoliyati hamda o‘zini o‘zi band qilish maqsadida noturar joy 12 oygacha ijara xarajatlarini ko‘pi bilan bir yilda 30 foiz, biroq BHM 25 baravarigacha miqdorda qoplashga;
- “Yoshlar daftari"ga kiritilgan yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash va o‘zini o‘zi band qilish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilishga BHM 40 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratishga;
- mamlakat professional va oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan, “Temir daftar"ga kiritilgan oilalar farzandlari, “Yoshlar daftari"ga kiritilgan yoshlar to‘lov-kontrakt summasi 50 foizigacha, ammo BHM 50 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lab berishga;
- yoshlarga zamonaviy kasblarni egallashi, axborot texnologiyalarini o‘rganishi va ularni xorijiy tillarga o‘qitish bo‘yicha olti oygacha muddatli o‘quv kurslar uchun har oyda BHM 4 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratishga;
- ijtimoiy himoyaga muhtoj iqtidorli yoshlar ilm-fan, sport, san’at va madaniyat yo‘nalishlaridagi olti oygacha muddatli o‘quv kurslari uchun har oyda BHM 1 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratishga;
- “Temir daftar" va “Ayollar daftari"ga kiritilgan oilalar farzandlari hamda “Yoshlar daftari"ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar fuqarolik pasporti (biometrik pasport) olish badalini qoplab berish;
- ijtimoiy himoyaga muhtoj iqtidorli yoshlar ilm-fan, sport, san’at va madaniyat yo‘nalishlaridagi olimpiada, tanlov va musobaqalar mahalliy bosqichlarida qatnashish xarajatlari uchun BHM 4 baravarigacha hamda xalqaro bosqichlarida qatnashish xarajatlari uchun BHM 40 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratishga;
- “Temir daftar" va “Ayollar daftari"ga kiritilgan oilalar farzandlari hamda “Yoshlar daftari"ga kiritilgan yosh oilalar o‘quvchi farzandlari uchun bir kalendar yilida bir marotaba maktab formasi hamda o‘quv qurollari uchun xarajatlarini qoplash;
- “Temir daftar" va “Ayollar daftari"ga kiritilgan oilalar farzandlari hamda “Yoshlar daftari"ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar hamda tengdoshlari orasida namuna ko‘rsatgan faol yoshlar mamlakat bo‘ylab turizm obektlariga sayohatlari uchun mehmonxona va yo‘l xarajatlarini qoplab berish;
- yoshlarga ta’lim, madaniyat va san’at, sport, axborot texnologiyalar sohasiga va fanlarni o‘qitishga ixtisoslashgan ta’lim tashkilotlari uch oy muddatgacha noturar joy ijara xarajatlari uchun BHM 50 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratishga;
- moddiy ahvoli og‘ir bo‘lgan 30 yoshdan oshmagan bemor fuqarolarga mamlakatda yoki xorijiy davlatlarda davolanish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun BHM 50 baravaridan oshmagan miqdorda subsidiya ajratishga;
- psixologik maslahatga muhtoj yoshlarga ixtisoslashgan nodavlat notijorat tashkilotlari hamda nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan pulli psixologik xizmat ko‘rsatilishi bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashga;
- ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni o‘tash badalini to‘liq miqdorda qoplash uchun subsidiya ajratishga;
- yoshlarga yangi turmush qurayotganda, o‘z xonadonida qo‘shimcha uy-joy qurish uchun 33 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratishga kafillik berishga;
- ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh oilalarga har oyda BHM 3 baravaridan oshmagan miqdorda 12 oygacha turar joy ijarasi uchun subsidiya ajratishga;
- Yoshlar agentligi direktori tomonidan tasdiqlangan kalendar rejada belgilangan mahalla, sektor va tuman (shahar) darajasidagi loyihalar, yoshlar festivallari, forumlar, tanlovlar va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni moliyalashtirishga;
- mahalladagi yoshlar yetakchisi tuman (shahar) vasiylik kengashiga kiritgan iltimosnomasiga binoan kengash raisi Yoshlar agentligi hududiy boshqarmasiga “Yoshlar daftari"ga kiritilgan yoshlar muammolarini “Yoshlar daftari" jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan yetarli darajada hal qilingani to‘g‘risida axborot beradi. Axborot asosida Yoshlar agentligi hududiy boshqarmasi tavsiyasi bilan tuman (shahar) jamg‘armasidagi mavjud mablag‘lar hisobidan mahallalarda yoshlar bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga mo‘ljallangan yengil turdagi kichik kutubxonalar va sport obektlarini barpo etish hamda ularni zamonaviy jihozlashga mablag‘ yo‘naltirish;
- qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan boshqa xarajatlarni qoplashga yo‘naltiriladi.