OTMlar korrupsiyadan qachon xalos bo‘ladi?


Xabarlaring bor, bundan bir necha kun oldin OTMlardan biridagi baho olish narxlari yozilgan "3 ga o‘ttiz, 4 ga qirq, 5 ga ellik yoki OTMlar korrupsiyadan qachon xalos bo‘ladi?" deb nomlangan postni qo‘ygan edim.

O‘sha postdan keyin shu mavzuda ko‘plab maktublar oldim. Ana o‘sha maktublardan shuni anglasa bo‘ladi-ki, baholar uchun eng yuqori narxlar Toshkent shahrida joylashgan OTM larda belgilangan ekan. Keyingi o‘rinda esa Samarqand shahridagi OTM lari turarkan. Keyin boshqa viloyatlardagi OTM lar.

Aynan pul bilan yaxshi bilim olish tizimi bu o‘ta yomon holat. Sababi, pul tarafdan muammosi bo‘lmagan talaba bemalol o‘qishga bormasdan ham OTMni bitirib diplom olib qandaydir soha bo‘yicha "mutaxasis" bo‘lib yetishadi. Natijasi esa ma’lum: "etikdo‘z somsa yopib, somsapaz etik tikib yuraveradi".

Shuningdek ayrim talabalar OTM lardagi "ichki tartib-qoidalar" talabalarni ezib yuborayotgani haqida yozishdi.

Qo‘yida shu mavzuda kelgan xatlardan birini e’tiboringizga havola qilayapman(ichidagi maqtovlarni olib tashladim):

Assalomu alaykum G‘ayratbek. Korrupsiya haqidagi postingiz ayni dardim to‘lganda chiqib qoldi. Rahmat sizga.

Men korrupsiya haqidagi bir narsani bildirmoqchi edim. Buni xalqqa qanday yetkazishni o‘zingiz bilasiz. Xohlang boricha, xohlang o‘zingizdan qo‘shib.

Mening ikki farzandim oliygohda o‘qiydi. Hozir sessiya topshirishayapti. Ularga har doim aytib kelganman: "O‘qishga kirayotganda ham, o‘qish boshlanganda ham yaxshi o‘qinglar, baho olish uchun pul aralashtirmanglar. Korrupsiya borligi hammaga ayon, faqat udan o‘zi o‘qiy olmagan yoki biron ishni bajara olmaganlar foydalanishadi. Agar bilimlaring yaxshi bo‘lsa, o‘zlaring qattiq harakat qilsanglar hech kim baholaringni pasaytirib qo‘ymaydi, yo‘llaringga to‘g‘anoq bo‘lmaydi. Darslarga tuzuk qatnamaydigan, qatnasa ham darsni yaxshi o‘zlashtirmagan dangasalar pul beraversin, ular uchun bu jazoday gap" deb.

Endi esa, bo‘layotgan voqealarni ko‘rib o‘zim farzandlarimga gapirgan gaplarimga o‘zim ishona olmayapman.

Yaqinda sessiya boshlanganda Arxitektura institutida o‘qiydigan farzandim o‘qituvchilari ochiqdan-ochiq pul so‘rayotgani va ularning belgilagan miqdorlari har bir talabadan eng kami 100 ming so‘m bo‘layotganini aytdi. Yana uni aytishicha hatto ba’zi talabalardan 50$ oladigan joylari ham bor ekan. Agar talabalar o‘sha belgilangan pulni bermasa ming yaxshi o‘qimasin domlalar baholarini pasaytirib qo‘yar ekan. Buni eshitib qo‘rqib ketdim. Nahotki korrupsiyaga qarshi shiddatli kurash boshlangan shu zamonda domlalar bunday jirkanch ishlardan qo‘rqishmaydi?!

Farzandim yilni boshidan beri yaxshi o‘qiy deb, hatto kechalari uxlamay dars tayyorlaydi. Topshiriklarni o‘z vaqtida bajaradi. Ammo baribir imtihonda pul berishi kerak ekan. Agar belgilangan miqdordagi pulni bermasa umuman dars tayyorlamagan, topshiriqlarni bajarmagan qoloq talabalardan ham past baho olar ekan. Bu qanday hol? Qani, hech bo‘lmasa "ishlagan tishlaydi" degan adolat? Bolam keyingi semestrda qanday o‘qishini aytdi. "Pul olmaydigan domlalarning fanlarini o‘qiyman. Pul oladigan domlalarni esa fanlarini o‘qib o‘zimni qiynab yurmayman. Chunki o‘qiganim bilan baribir pul olmasa tuzuk baho qo‘ymaydi" dedi bugun.

Mana sizga haqiqiy ahvol.

Bolam hali u yerda to‘rt yil ta’lim oladi. Hayronman nima qilishga.

Ushbu xatdan xulosani o‘zlaring chiqarib olaveringlar.