O‘rtachirchiq tumanida AKTga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etildi


Bugungi kunda raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni rivojlanish, barcha sohalarga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Shu ma’noda malakali IT kadrlarni tayyorlash masalasi muhim ahamiyatga ega.

Aynan faol va tashabbuskor yoshlar to‘laqonli ravishda ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirishga va respublikamizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga qaratilgan innovatsion loyihalarni hayotga tatbiq etish qobiliyatiga ega. 

Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan IT mutaxassislarni tayyorlashda ixtisoslashtirilgan tizimni yaratish, keng aholi va yoshlarni dolzarb AKT yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Yoshlarga zamonaviy raqamli texnologiyalarni o‘rgatish tizimini yanada takomillashtirish borasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Axborot texnologiyalari sohasida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Shu qaror asosida, respublika tuman (shahar)larida mavjud umumta’lim maktablari negizida informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablar bosqichma-bosqich tashkil etiladi. Shunga ko‘ra, joriy yilda mazkur yo‘nalishda 14 ta tayanch maktab, 2021-2023-yillarda esa respublika bo‘yicha jami 205 ta ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilishi belgilangan.

Shunday Informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan tayanch maktabi Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanida ochildi.


AKT vazirligi tomonidan standartlarga javob beradigan turniket o‘rnatilgan bo‘lib, unda shaxsni identifikatsiya qilish, o‘quvchilar davomatini aniqlash, tana haroratini o‘lchash va karantin talablarini eslatib turuvchi funksiyasi mavjud. Undan tashqari faollar zali, 4 ta kompyuter xonasi, elektron kutubxonani kapital ta’mirdan chiqarib, 2 ta proyektor, shtativ ekran, 47 ta zamonaviy kompyuter qurilmalari, 1 elektron doska, ko‘rgazmali stendlar va mebel jihozlari bilan ta’minlandi. Bundan tashqari mazkur maktab AKT vazirligi tomonidan 42 dona zamonaviy kompyuter qurilmalari, 1 ta elektron doska, 2 ta proyektor va mebel jihozlari bilan ta’minlandi.

Buning hammasi ta’lim jarayonini jahon standartlarga moslashtirishga yordam beradi. Masalan, elektron kutubxona tizimi esa nafaqat elektron manbalarni onlayn ravishda ko‘rib chiqishga, ularni yuklashga ham imkon yaratilgan. Xonalarda elektron doskalar va zamonaviy kompyuter jihozlari o‘rnatilgan bo‘lib, darslarda axborot-kommunikatsiya va multimedia texnologiyalaridan foydalaniladi. Bir so‘z bilan aytganda, mazkur ta’lim maskanida o‘quvchilar uchun zamonaviy bilim olishda barcha qulay imkoniyatlar yaratilgan.


Mazkur o‘quv maskani AKT yo‘nalishiga ixtisoslangan bo‘lib, unda o‘quvchilar umumiy fanlardan tashaqari dolzarb IT yo‘nalishlari bo‘yicha ham tahsil oladi. O‘quv jarayoni 5-sinfdan boshlanadi, va mazkur maktabda o‘qish uchun nomzodlar tanlov bosqichidan o‘tadi.

Mazkur zamonaviy maktablarning ochilishi, shubhasiz, bo‘lajak avlodni har taraflama rivojlanishida va raqobatbardosh IT kadrlarni tayyorlashda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.