Prezidentning «2022 – 2026-yillarda Xalq ta’limi tizimini rivojlantirishning Milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Farmoni loyihasi e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, 2023-yildan boshlab umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari bitiruvchilari uchun yakuniy davlat attestatsiyasi Davlat test markazi tomonidan imtihonlar shaklida o‘tkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Xalq ta’limi tizimidagi xodim va pedagoglar, akademik litsey pedagog va o‘quv-yordamchi xodimlari uchun bir qator soliq va boshqa imtiyozlar berilishi belgilanmoqda.
Xususan, bunda:
- Umumta’lim maktablari rahbariyati va pedagoglari uchun shahar yo‘lovchi transportidan foydalanishida 50 foiz chegirmali «O‘qituvchi» transport kartasi beriladi;
- Xalq ta’limi vazirligi tomonidan taqdim etiladigan ro‘yxat asosida tizimda faoliyat yuritayotgan pedagog va xodimlarga uy-joy sotib olish uchun 3 yillik imtiyozli davr hamda yillik qayta moliyalashtirish stavkasidan yuqori bo‘lmagan foiz stavkasi bilan 20 yil muddatga ipoteka kreditlari ajratiladi;
- xalq ta’limi tizimidagi xodimlarga har yili umumiy xodimlar soniga nisbatan bir foizdan kam bo‘lmagan miqdorda foizsiz muddatli to‘lov asosida avtotransport vositalarini sotib olish imkoniyati yaratiladi;
- pedagog va boshqa xodimlarga yer va mol-mulk solig‘i hamda kommunal xizmatlarga haq to‘lash bo‘yicha 50 foiz miqdorida imtiyoz taqdim qilinadi.