O‘qishni ko‘chirish va qayta tiklashni rad etilishiga sabablar (1-qism)


1-sabab

Xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega bo‘lmagan oliy taʼlim muassasalarida yoki ularning filiallarida o‘qiganlarga - siz o‘qiyotgan Oliy taʼlim muassasasi o‘zi joylashgan davlat akkreditatsiyaga ega bo‘lmasa yaʼni ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsa o‘qishingiz ko‘chirilishi rad etiladi. Bu ko‘pincha xususiy OTMlar hamda akkreditatsiya muddati tugagan taʼlim muassasalarida ko‘p uchraydigan holat.

Shuni taʼkidlash joizki, akkreditatsiya muayyan muddatga berilib, uning amal qilish muddati tugagan davrda OTM muddatni uzaytirmasa o‘sha oliygohda tahsil olayotgan talaba o‘qishini ko‘chira olmasligi mumkin. Shuning uchun xorij jumladan, qo‘shni mamlakat OTMlariga o‘qishga kirishdan avval uning hujjatlari bilan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.

Bundan tashqari, qo‘shni mamlakatlarda OTMlarining filiallari ham faoliyat olib boradi. Siz asosiy OTMda emas uning filialida tahsil olayotgan bo‘lsangiz ham o‘qishingizni ko‘chira olmaysiz. Shuning uchun sizga o‘qishga kiritishni vaʼda qilayotgan firma yoki shaxslardan qaysi OTMni taklif etayotgani va sizga taklif etilayotgan muassasa oliygohning o‘zimi yoki uning filialimi kabi savollarga oydinlik kiritib oling.

Yana bir gap, litsenziyasi bekor qilingan OTMlardan ham o‘qishni ko‘chirish imkoniyati mavjud emas. Avvallari o‘qishni ko‘chirishda OTMning taʼsis hujjat nusxalari so‘ralar edi, hozirda Taʼlim inspeksiyasi tomonidan litsenziyasi bekor qilingan OTMlar ro‘yxati shakllantirilib borilmoqda. Bu bilan ishchi guruhlarning aldashni imkoni yo‘qligini eslatib o‘tmoqchimiz.