O‘n ming nafarga yaqin bitiruvchi oltin va kumush medallarga sazovor bo‘ldi


2020-2021 o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9821 nafar iqtidorli bitiruvchilariga oltin va kumush medallarni tantanali topshirish marosimlar o‘tkazilyapti. Shundan 7183 nafar bitiruvchi oltin, 2638 nafari esa kumush medal sohibi bo‘ldi, deya ma’lum qildi Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati.

Oltin medal umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik to‘g‘risidagi a’lo darajali shahodatnomasi mavjud bo‘lgan, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10- va 11-sinflarida barcha fanlar bo‘yicha yakuniy nazoratlar, choraklik va yillik baholari a’lo bo‘lgan, namunali hulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatgan bitiruvchilarga beriladi.

Shuni alohida aytish joizki, bu yil respublika bo‘ylab 2810 nafar bitiruvchi muddatidan oldin oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan.

Eslatib o‘tamiz, joriy o‘quv yilida umumta’lim maktablarni 437 761 nafar bitiruvchi tamomladi.