O‘zbekistonda 14 041 nafar 11-sinf bitiruvchisi oltin va kumush medallar bilan taqdirlandi


2024/25-o‘quv yili O‘zbekiston bo‘ylab umumta’lim maktablarining 14 041 nafar 11-sinf bitiruvchisi oltin va kumush medallar bilan taqdirlanadi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.

Statistikada ko‘rsatilishicha, umumiy 11 566 ta oltin va 2 475 ta kumush medal topshiriladi.

Ma’lumot uchun: joriy oʻquv yilida O‘zbekiston bo‘ylab 10 mingdan ziyod maktablarning 9-sinfini 632 946 nafar, 11-sinfini 451 073 nafar o‘quvchilar tamomlagan.

Maktablarning iqtidorli bitiruvchilarini oltin va kumush medallar bilan taqdirlanishi oliy ta’lim muassasalariga kirishda imtiyoz taqdim etmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-fevraldagi 154-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari va akademik litseylarning iqtidorli bitiruvchilarini oltin va kumush medallar bilan taqdirlash tartibi to‘g‘risida”gi nizomda oltin va kumush medallar bilan taqdirlangan o‘quvchilarga imtiyozlar berilishi ko‘zda tutilmagan.

Mazkur nizomga muvofiq, oltin va kumush medallar a’lo baholarga o‘qigan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatgan bitiruvchilarga beriladi.

Bundan ko‘zlangan maqsad o‘quvchilarni ta’lim olishga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobatni shakllantirish, korrupsion holatlarning oldini olish va iqtidorli o‘quvchilar bilimini rag‘batlantirishdan iborat.

Asos: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-fevraldagi 154-son qarori bilan tasdiqlangan nizom.