Olmaliqda Rossiya universitetining filiali ochiladi


Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 11-may kuni «Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi «Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti «MISiS»ning Olmaliq shahridagi filiali faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Qaror matni «O‘zA»da e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, «Olmaliq TMK» AJ, «Navoiy KMK» DK, Toshkent viloyati hokimligi va Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi «Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS»ning (Rossiya Federatsiyasi) Olmaliq shahrida (Toshkent viloyati) Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti «MISiS»ning filialini (keyingi o‘rinlarda Filial deb yuritiladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilgan.

Filial faoliyatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilar etib belgilandi:

  • respublikaning ishlab chiqarish-sanoat tarmog‘i uchun muhim ilmiy- texnologik vazifalarni hal qilishga qodir yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarni xalqaro ta’lim standartlari darajasida tayyorlash;
  • metallurgiya, konchilik ishi va sanoat ishlab chiqarishning boshqa tarmoqlarida fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar olib borish;
  • mutaxassislar hamda ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini ta’lim va fanning uzviyligi hamda uzluksizligi, shuningdek, jahon ta’lim va ilmiy hamjamiyatiga majburiy integratsiya hisobiga rivojlantirish;
  • muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan yangi ta’lim dasturlari hamda o‘qitish shakllarini ishlab chiqish va joriy etish;
  • ta’lim va ilmiy faoliyatning ishlab chiqarish-sanoat faoliyati bilan uzviy integratsiyasi uchun shart-sharoitlar yaratish;
  • pedagogik salohiyatni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, pedagogik texnologiyalarni va o‘qitish uslublarini faol takomillashtirish;
  • ta’lim va ilmiy-texnik sohalarda xorijiy mamlakatlarning yetakchi ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari hamda biznes-hamjamiyatlari bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash.


Manba: xabar.uz