Buyuk mutafakkirlarimizdan biri, az-Zamahshariy: “ yo ilmli bo‘l, yo ilm tinglovchi bo‘l, yohud ilmga ergashuvchi bo‘l, aslo to‘rtinchisi bo‘lma"-degan ekanlar. Haqiqatdan ham Zamahshariy bobomiz aytmoqchi bo‘lganlari, ya’ni ilmsizlik nafaqat insonni, balki butun bir jamiyat va davlatni tanazzulga yetaklashini bugungi shiddat bilan rivojlanib borayotgan hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi
Yaqinda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Venadagi qarorgohi binosiga kirishda Sharq mutaffakirlaridan Abu Ali Ibn Sino, Umar Hayyom, Abu Rayhon al Beruniy, Zakariyo ar Roziylarga haykal o‘rnatilganligi haqida ommaviy axborot vositalari va internet nashrlarida o‘qib, tanishib barchamizning ko‘nglimiz faxr va iftixorga to‘ldi.
Bu mutaffakirlar va ularning qoldirgan boy moddiy va ma’naviy me’rosi nafaqat, Markaziy Osiyo xalqlariga balki butun bashariyatga tegishlidir, albatta. Bu mutaffakirlarga haykal o‘rnatilishining zamirida nazarimizda, XXI asr - bilim va intellektual tafakkur asri ekanligiga katta ishora bordek. Haqiqatdan ham bugungi kunda dunyo iqtisodiyotining taraqqiy etishi, bir so‘z bilan aytganda bashariyatning yashab qolishi bilim va taffakurga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Butun dunyoda hozirda bir milliarddan oshiqroq aholining qashshoqlikda kun kechirayotganligi, turli mintaqalarda harbiy harakatlarning davom etayotganligi, yangi urush o‘choqlarining paydo bo‘lish xavfining ortib borayotganligi, dunyoda 25 milliondan ortiq bolalarning oddiy maktab ta’limidan bebahra qolayotganligi, chegara bilmas ekologik ofatlar ko‘lamining kengayib borishi va shu kabi muammolar barchamizni hushyor tortishga, barcha hatti – harakatlarimizni ilmiy asoslarga tayangan holda muvofiqlashtirishimizni talab etmoqda.
Inson taraqqiyotining asosiy maqsadi insonlarning moddiy farovonligini ta’min etib bera oladigan, uzoq davr mobaynida sog‘lom turmush tarzi va bunyodkorlik ishlaridan zavqlanib yashay olish imkonini beruvchi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jihatdan qulay yashash muhitini yaratib berishdan iboratdir. Bugungi kunda inson manfaatlari har narsadan ustun qo‘yilayotgan bir paytda, insonlarning turmush farovonligini oshirishda ta’lim sohasi asosiy tashkil etuvchilardan biri sanaladi. Ta’lim sohasi rivojining yuksak darajasi va unga monand ravishda fan va texnikaning yuqori sur’atlarda taraqqiy etishi butun insoniyat tadrijiy taraqqiyoti tarixida ijtimoiy, iqtisodiy va texnik rivojlanishning muhim omili bo‘lib kelganligi bugungi kunda hech kimga sir emas, albatta.
Statistik malumotlarning ko‘rsatishicha qashshoqlik ko‘p jihatdan ta’lim darajasiga bog‘liq ekan. Bu birinchi navbatda, kambag‘al mamlakatlarning ta’lim sohasini qo‘llab–quvvatlash va rivojlantirish uchun yetarlicha moliyaviy mablag‘larga ega emasligi bilan izohlansa, boshqa bir tomondan esa ta’lim sohasining rivojlanish darajasi mamlakatning milliy iqtisodiyot ko‘lamida yuqori mehnat unumdorligini, pirovardida esa iqtisodiy taraqqiyotning yuqori darajasini ta’minlay olish imkoniyatlarini belgilab beradi.
Mamlakatning innovatsion taraqqiyotni ta’minlay olishga bo‘lgan layoqati raqobatbardoshlilikning muhim omillaridan biriga aylangan globallashuv sharoitida ta’lim sohasi taraqqiyotining yuqori darajasi endilikda mamlakatning “kiborlar jamiyati"ga tegishliligini bildiruvchi bir o‘ziga xos tavsif emas, balki kuchli raqobat va chuqurlashib borayotgan globallashuv sharoitida yashab qolish, iqtisodiy va pirovardida esa siyosiy mustaqillikni ta’minlashning hal qiluvchi omiliga aylandi. Savodxonlik darajasi yuqori bo‘lgan mamlakatlar ishlab chiqarishni yanada taraqqiy ettirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida yetarlicha katta imkoniyatlarga ega bo‘lishini bugungi hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Bunday mamlakatlarda ishsizlik darajasining past bo‘lishi va ish izlash maqsadida mehnatga layoqatli aholi emigratsiyasining past bo‘lishi odatiy holdir. Alohida shaxs nuqtai nazaridan yondashadigan bo‘lsak, ma’lumotga ega bo‘lgan shaxsning ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxsga nisbatan ish topishi va o‘ziga xos tarzda ish haqi tarzida daromad topishi bir muncha oson.
Har qanday mamlakatda ham savodxonlik darajasi past bo‘lgan aholi o‘rtasida ishsizlik darajasi yuqori ko‘rsatkichni tashkil etadi. Ta’lim sohasining taraqqiyotiga aholining sog‘lomlilik darajasi va umr ko‘rish davomiyligi ko‘rsatkichlari ham to‘g‘ridan –to‘g‘ri bog‘liqdir. Savodxonlik darajasi yuqori bo‘lgan aholi o‘z sog‘lig‘iga nisbatan befarq munosabatda bo‘lmaydi, kasallikni vaqtida oldini olish choralarini ko‘radi, ko‘pincha sog‘lom turmush tarziga amal qiladi, kasalliklarni farqlay oladi, o‘z-o‘ziga birinchi tibbiy yordam ko‘rsata olgan holda malakali tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi muassasa va mutaxassislarga murojaat qiladi.
Mamlakatlar iqtisodiy rivojlanishining uzoq muddatli trendli tahlillari yuqorida tilga olib o‘tilgan ko‘rsatkichlarning ta’lim darajasiga uzviy bog‘liqligini ko‘rsatmoqda. Tahlillardan yana shu narsa ko‘rinadiki, uzoq muddatli trendda ta’lim darajasi past bo‘lgan birorta ham boy mamlakat mavjud emas. Ayni chog‘da qisqa va o‘rta muddatli vaqt oraliqlari boshqacha manazara ham namoyon etishi mumkin. O‘tgan asrlarda mustamlakalar va bosqinchilik urushlari evaziga mamlakatlar bir muncha vaqt boy mamlakatlar qatoridan o‘rin egallab kelishgan. Bugungi kunda ham ayrim holatlarda yuqori likvidli va narxi jahon bozorida o‘sib borayotgan tabiiy resurslarga ega mamlakatlar boy mamlakatlar qatoridan joy olishlari mumkinligini ham istisno etish fikridan yiroqmiz Ammo, shuni qayta –qayta takrorlab o‘tishimiz joizki, tobora chuqurlashib borayotgan globallashuv va shiddatli tus olayotgan xalqaror raqobat sharoitida xom ashyo resurslariga asoslangan boylik, agar u aholi savodxonlik darajasini muttasil tarzda o‘stirib borish va olingan bilim, egallangan tajriba va ko‘nikmalarni iqtisodiyot sohalariga samarali transformatsiya qilish bilan qo‘llab –quvvatlanmas ekan u albatta uzoq muddatga dosh bera olmaydi, mamlakatning jahon xo‘jaligidagi o‘rni zaiflashib boraveradi.
Insonning aqliy, ma’naviy – axloqiy, jismoniy ehtiyojlarini shakllantirish va ularning to‘la qonli tarzda qondirilishini ta’minlashda ta’lim sohasining o‘rnini aniqlashtirar ekanmiz, ta’limni uch jihat, ya’ni shaxs, davlat va jamiyat nuqtai nazaridan qarab chiqishimiz maqsadga muvofiq ko‘riladi.
Alohida shaxs nuqtai nazaridan yondashilganda, ta’lim – bu insonning hayota to‘la qonli tarzda namoyon eta olishi, unga yaratgan tomonidan in’om etilgan aqliy va jismoniy qobiliyatlarni ro‘yobga chiqara bilishi hamdir. Savodi yetarlicha yuqori bo‘lgan inson ma’naviy jihatdan boy bo‘ladi, uning hayotida moddiy ne’matlar qanchalik muhim o‘rin tutsa, ma’naviy ne’matlarda undanda ustun mavqega ega bo‘ladi. Ta’lim insonning o‘z ma’naviy ehtiyojlarini bosqichma –bosqich qondira borish imkonini bergani holda, uning hayotiga o‘zgacha mazmun va ma’no beradi, uni barkamollikka yetaklaydi.
Davlat darajasida ta’limga yondashar ekanmiz, bugungi kunda “bilimlar iqtisodiyoti" tushunchasi butun dunyo iqtisodchilari, yetakchi siyosatchilari, biznes olamining mashhur vakillarining tilidan tushmayotgan bir paytda, ta’lim sohasining milliy xo‘jalikning jahon iqtisodiyotidagi o‘rnini mustahkamlashdagi ahamiyatiga ortiqcha urg‘u berib o‘tirishning hojati yo‘q. Mamlakat aholisining yuqori savodxonlik darajasi bosqichma- bosqich jamiyatda huquqiy madaniyatning shakllanishi va yuksalishiga, mamlakatda demokratik institutlarning faol rivojlanishiga, fuqaro-larning davlat va jamiyat oldidagi huquq va majburiyatlarini anglab yetishlariga zamin yaratib beradi.
Ta’limga jamiyat nuqtai nazaridan yondashar ekanmiz, eng avvalo shuni ta’kidlashimiz lozimki, u eng avvalo umuminsoniy, umummilliy qadriyatlarni rivojlantirishga, insoniyat sivilizatsiyasining taraqqiy etishiga qaratilgan bo‘lishi lozim, aks holda bunday jamiyat o‘z-o‘zini tanazzulga yetaklovchi jamiyat bo‘lib qolaveradi. Faqatgina bilimli va ma’naviy jihatdan boy insonlargina, muammolarni urushlar orqali emas, balki tinch yo‘l bilan hal eta oladigan jamiyatni barpo eta oladilar. Haqiqatda bilimli va tarbiyasi yuksak insonlar zo‘ravonlik, terrorizm va kuch ishlatishning har qanday ko‘rinishlarini qoralaydilar va bunga tish tirnoqlari bilan qarshi turadilar. Bugungi kunda turli xil umumbashariy muammolar chuqur ildiz otayotgan va insoniyat hayotiga jiddiy xavf solayotgan bir paytda, bilimli va ma’naviy qiyofasi yuksak bo‘lgan insonlargina bu muammolarni hal etishni o‘z shaxsiy muammo va manfaatlaridan ham ustun qo‘yadilar.
Ta’lim va fan sohasini rivojlantirish davlat siyosati ma’no-mazmunidan va uning dolzarbligidan kelib chiqib, uni quyidagicha izohlash mumkin: birinchidan, yangi ta’lim tizimi, barkamol avlod kadrlarini tayyorlashdagi o‘zgarishlar va yangicha yondashuvlar, zamonaviy kasb sohalarining paydo bo‘lgani hamda uning mamlakatimiz sharoiti bilan bog‘liqligidir; ikkinchidan, ta’lim tushunchasi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot natijasida muayyan davrdan boshlab, inson faoliyatining alohida mustaqil sohasiga aylanib, jamiyatning ijtimoiy tajribasini keyingi bosqichga uzatadi; Uchinchidan, ta’lim inson shaxsining intellektual-ma’naviy qirralarini shakllantirish, uning jamiyat ishlab chiqarishi va ijtimoiy, siyosiy, madaniy, ma’rifiy hayotida faol va muvaffaqiyatli ishtirokini ta’minlashga qaratilgan harakatlar yig‘indisi bo‘lib, ma’rifat hamda bilim berishni anglatadi; to‘rtinchidan, fan jamiyatning ijtimoiy institutlaridan biri bo‘lib, tabiat va jamiyat hayotini aks ettiruvchi ijtimoiy ong shakli, U katta ilmiy salohiyatni, ijodiy kuch-quvvatni birlashtirib, ma’naviy barkamol insonni tarbiyalashga, mamlakatda qudratli ilmiy salohiyatni yaratishga xizmat qiladi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, rivojlangan mamlakatlarda ta’lim samaradorligi, taraqqiyotning 16 foizi - moddiy-texnik bazaga, 20 foizi – axborot resurslariga, 64 foizi - inson omiliga bog‘liq. Bu uchala omil bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, ta’lim-tarbiyaning moddiy-texnik bazasi, mavjud resurslaridan, imkoniyatlaridan oqilona foydalanish inson mafaatiga xizmat qiladi va uning ratsional rivojlanishni belgilab beradi. Bugungi kunda ta’lim davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylandi. O‘tgan 2018 yilning 24 oktyabr kuni mamlakatimiz rahbari tomonidan oliy ta’lim sohasini yanada rivojlantirish, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Mazkur yig‘ilishda mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini isloh qilish borasida bir qator ijobiy natijalarga erishilganligi bilan bir qatorda, hal qilinishi kechiktirib bo‘lmaydigan muammolar ham ko‘rsatib o‘tildi. Bunday muammolar qatorida:
- kasb-hunar kollejlari va maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olinish darajasi pastligi;
- oliy ta’lim muassasalarining nufuzi va ilmiy salohiyati pastligi;
- ilm-fanni rivojlantirish, tadqiqotlarni ishlab chiqarish bilan integratsiya qilish, ilmiy faoliyat natijadorligini oshirish, iqtidorli talabalar ilmiy izlanishlar olib borishi uchun zarur sharoitlar yaratilmaganligi;
- ta’lim jarayoniga innovatsion metodikalarni joriy etish, o‘quv dasturlarini ishlab chiqarish bilan hamohangligini ta’minlash va eng asosiysi, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish ishlari umuman qoniqarsiz ahvolda ekanligi;
- mehnat bozoridagi tarkibiy o‘zgarishga javob beradigan, yoshlarimizga kasb-hunar o‘rgatadigan, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantiradigan tizimning mavjud emasligi kabi muammolar sanab o‘tildi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bugungi kunda oliy ta’lim tizimi oldida turgan eng katta muammo-bu mehnat bozoriga chiqarilayotgan yosh mutaxassislarning kompitentligi talab darajasida emas. Aynan shu maqsadda, ya’ni tayyorlanayotgan yosh mutaxassislarning kompitentligini oshirish, fan –ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlikni ta’minlash borasida bizning fikrimizcha “tadbirkorlik universiteti" g‘oyasini amaliyotga izchil joriy etish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Xo‘sh tadbirkorlik universiteti g‘oyasining asosida nima yotadi.
Bunday universitetning asosiy vazifasi – oliy ta’lim muassasasida yaratilgan innovatsiyalar iste’molchilarining rivojlanishiga imkon beruvchi innovatsiyalarni shakllantirish uchun investitsiyalar jalb qilinishini ta’min etuvchi o‘sish nuqtalarini barpo etish va va mehnat bozori uchun raqobatbardosh bitiruvchilar tayyorlash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishdan iboratdir. Amerikalik tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, tadbirkorlik universiteti quyidagi talablarga javob berishi lozim:
– oliy ta’lim muassasasi tadbirkorlik tashkiloti sifatida o‘zining tadbirkorlik xulq-atvorini namoyon etishi lozim;
– oliy ta’lim muassasasining o‘qituvchilari, talabalari va xodimlari tadbirkor bo‘lishlari lozim;
– universitet o‘zi joylashgan hudud bilan o‘zaro uyg‘unlikda rivojlanishi zarur.
Aynan “ tadbirkorlik universiteti" g‘oyasini amaliyotga izchil joriy eta olganliklari bois, mashhur Garvard, Stenford,Texas, Kolumbiya universitettlarining yillik byudjetlari bugungi kunda ba’zi bir mamlakatlarning yillik YaIMidan ham ko‘proqni tashkil etadi.
Bugungi kunda iqtisodiy tarbiya, iqtisodiy savodxonlik masalalari har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda. Agar biz mamlakatimizni yaqin yillar ichida dunyoning taraqqiy etgan davlatlari qatorida ko‘rishni istar ekanmiz, eng avvalo yuqorida tilga olib o‘tganimizdek, oliy ta’lim muassasalarida “tadbirkorlik universiteti" g‘oyasini izchil joriy etishimiz, oliy ta’lim muassasasi-korxona va davlat uchligining o‘zaro hamkorligini ta’minlash orqali universitet va institutlarning moliyaviy imkoniyatlarini yaxshilashimiz asnosida bitiruvchi yoshlarimizning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishimiz talab etiladi. Bunday vazifani amalga oshirishda oliy ta’lim muassasasining har bir professor-o‘qituvchisi o‘z hissasini qo‘shishi lozim bo‘lgani holda, ko‘pchiligimiz “Boyning uyqusi kelmaydi, kambag‘alning esa turgisi kelmaydi"-degan aqida bilan qotib qolyapmiz. Bugungi kunda mamlakatimizda, ayniqsa oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar bizdan “o‘rnimizdan turishni" va jarayonlarga tiyran nazar solishni talab etadi.
Akmal Abduvoxidov
Guliston davlat universiteti
katta o‘qituvchisi