Oliy ta'lim muassasalarida joriy o‘quv yilini an'anaviy shaklda boshlash bilan bog‘liq masalalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda so‘z olgan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov oliy ta'lim muassasasiga talabalarning 60-70 foizi keladigan bo‘lsa, oliy ta'lim muassasalarining barchasida talabalarni yotoqxona bilan ta'minlash imkoniyati bormi, deya berilgan savolga javob qaytardi.
“Buni tan olish kerak, talabalar turar joyida barcha talabalarni to‘liq ta'minlash imkoniyati mavjud emas. Bugungi kundagi barcha talablarga javob beradigan va mas'uliyatni bo‘yniga oladigan talabalarimiz an'anaviy ta'lim shakliga qaytadi. Oliy ta'lim muassasasi talabani turar joy bilan ta'minlashga kafolat bermaydi. Imkoniyati mavjud bo‘lgan talabalar an'anaviy ta'lim shaklida o‘qiydi.
Ma'lum bir talabalar turar joylarida bugungi kunda ta'mirlash ishlari ham olib borilyapti. Ta'mir tugaganidan keyin [xonalarning] tarqatilishi bo‘yicha har bir oliy ta'lim muassasasining o‘zi bu imkoniyatni talabalarga beradi. Talabalarni turar joyga joylashtirishda hamma biladiki, imkoniyati cheklangan talabalar birinchi o‘rinda yotoqxona bilan ta'minlanadi. Kam ta'minlangan, Mehribonlik uylari bitiruvchilari – mana shu toifadagilar", – deya Abduvali Xoliqovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.