Nega mandat kechikyapti?


14.05.2019 yildagi Prezident qarori bo‘yicha, test sinovlarining javoblarini e’lon qilishning oxirgi muddati - 22 avgust. Qonun hujjatlarida test sinovlari natijalarini ortga surish haqida birorta qoida yo‘q.

Bugun soat 15:00 da Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida DTM vakili bilan brifing bo‘lar ekan. Agentlik xabarida aytilishicha, brifingda 21 avgustda e’lon qilinishi mo‘ljallangan mandat natijalari ma’lum kunlar orqaga surilishi yuzasidan ham axborot berilar ekan. Aytgancha, aytishlaricha, brifingni to‘g‘ridan-to‘g‘ri «O‘zbekiston24» telekanali orqali efirga uzatish rejalashtirilayotgan ekan.

Shu e’londan keyin deyarli barcha «mandat kechikar ekan», deya yozishmoqda. Bilmadim, balki kechikmas, chunki ertaga ham vaqt borku hali.

Ko‘pchilikni bir savol qiziqtirmoqda: nima uchun joriy yilda mandat kechikmoqda? Chunki yakuniy natijalarni hisoblash texnik tomondan qiyin emasku, kompyuter osongina chiqarib beradi, oxirgi kunni kutish shartmi, deyishmoqda.

Ha, to‘g‘ri, kompyuterga barchasi juda oson. Ammo shaxsiy fikrimcha, gap boshqa joyda. Menimcha, bunga quyidagi omillar sabab bo‘lmoqda:

Birinchidan, olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 19 avgust kuni ham operatorlarning aybi tufayli, texnik xatolik bilan testga kira olmagan ayrim abituriyentlar uchun test sinovlari o‘tkazilgan. Ammo bu haqida hech qayerda rasman e’lon qilinmadi. Bu juda va juda yomon. Chunki bu turli shubha va gumonlarni ko‘paytiradi. Bunday ma’lumotlar oldindan, ochiq-oshkora e’lon qilinishi kerak edi.

Izoh: mutasaddilarga ham hayron qolaman-da. Testni adolatli o‘tkazish uchun qay darajada katta hajmli ishlar qilinyapti, buni ko‘rib turibmiz. Ammo yuqoridagi kabi elementar holatlarda ma’lumotlarni oshkor qilmasdan, ishonchsizlikni oshirib yuborishyapti. Nima uchun alohida test bo‘ldi, unga kimlar kirdi, shunchaki tasodifmidi yoki oldindan o‘ylangan rejamidi, degan savollarni ko‘paytirmaslik uchun ham, shaffoflik kerak.

Ikkinchidan, haligacha ayrim imtiyozlarni uchta yo‘nalishda qo‘llash tartibi rasman ma’lum emas. Masalan, harbiy tavsiyanomasi borlarning imtiyozi uchta yo‘nalishda qay tartibda o‘tishi, 19 avgustga kelibgina e’lon qilindi. Hali maqsadli qabul, nogironlar, harbiylarning farzandlariga berilgan imtiyozlarning hisoblanishi borasida ham birorta rasmiy hujjat yo‘q.

Shuningdek, Farg‘onadagi «Temurbeklar maktabi» bitiruvchilari alohida kvotada qabul qilinadimi yoki asosiy kvota ichidami, bu ham aniq emas. Bunday holatda yakuniy natijalarni chiqarish imkonsiz.

Izoh: 2019 yilgi qabul jarayonlari hujjatlar kechikishi va ayrim tartiblarni hech qanday hujjatlarsiz o‘tkazilganligi bilan alohida tarixga kirdi. O‘tgan yillarda hujjatlar bu kabi kechikmagandi. IMHO.

Uchinchidan, yakuniy natijalarni faqat Davlat qabul komissiyasi raisi, ya’ni Bosh vazir tasdiqlab imzolashi kerak. Shundan keyin u kuchga ega bo‘ladi. Balki imzolatish jarayoni mandatni ortga surayotgan bo‘lishi mumkin.

Ma’lumot uchun: kecha Bosh vazir xizmat safari bilan Namangan viloyatida bo‘lgandi.

Har ne bo‘lganda ham, mandatni 22 avgustdan kechiktirmasdan e’lon qilishlariga umid qilib qolamiz. Barchaga sabr va omad tilayman. Oz qoldi.

P.S.: ishqilib, 19 avgustda ham test o‘tkazildi, o‘shanchun natijalarni 26 avgustda (testlar to‘liq yakunlangandan 1 hafta ichida) e’lon qilishga qonunan haqqimiz bor deyishmasmikin )))

Manba: @xushnudbek