Sirdaryo viloyati xalq ta’limi boshqaruv organlari xodimlari, metodistlar va maktab o‘qituvchilarining menejerlik, tegishli fan va davlat tili bo‘yicha bilimlarini aniqlash maqsadida test sinovlariga start berilgan.
Test sinovlari Guliston shahrining Alpomish sport majmuasida grafik asosida 3 smenada o‘tkazilmoqda. Har bir smenaga 600 o‘qituvchi qamrab olingan.
Test sinovlarining ta’lim-tarbiya jarayoniga xalal bermasligi uchun Xalq ta’limi vazirligi va Davlat test markazi tomonidan o‘qituvchilarni metod kunlarida sinovlarga jalb qilish bo‘yicha grafik ishlab chiqilgan.
Hozirgi kunga kelib test jarayonlarida matematika, informatika, iqtisodiy bilim asoslari o‘qituvchilari va metodistlari ishtirok etishgan.
O‘qituvchilar 30 ta o‘z mutaxassisligiga yaqin bo‘lgan fandan va 20 ta davlat tili, jami 50 ta testni ikki soat mobaynida yechishi kerak.
Test sinovlarini joriy yilning 13-oktyabr kuni yakunlash va ushbu jarayonga Sirdaryo viloyati xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan 12500 dan ortiq o‘qituvchi va xodimlarni barchasini qamrab olish ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, fan metodistlari, maktab direktorlari va o‘rinbosarlari hamda o‘qituvchilarning ijodkorlikka, yangiliklarga hamda o‘z ustida yanada ko‘proq ishlashga undash maqsadida insho yozishlari rejalashtirilgan.
Fan metodistlari joriy yilning 10-12-oktyabr kunlari, direktor o‘rinbosarlari va barcha o‘qituvchilar o‘zlari faoliyat ko‘rsatayotgan ta’lim muassasalarida darsdan keyingi vaqtlarda insho yozishadi.
Mamlakatning boshqa hududlarida faoliyat yuritayotgan xalq ta’limi tizimi xodimlarini ham bosqichma-bosqich test sinovlaridan o‘tkazish rejalashtirilgan.
Manba: xabar.uz