Maqsadli qabul bilan grantga kirganlarni nima kutyapti?


Maqsadli qabul orqali oliy ta’lim muassasasiga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlar uchun muhim ma’lumotlar bor. Agar siz maqsadli qabuldan foydalanmoqchi bo‘lsangiz, ushbu postni albatta o‘qing.

Maqsadli qabulda kimlar qatnasha oladi?

Kvota tasdiqlangach, maqsadli qabul o‘rinlari hududlar kesimida bo‘linadi. Bu kvotadan foydalanish uchun abituriyent o‘sha hududda doimiy yashaydigan (propiskasi bor) bo‘lishi kerak. Abituriyentning umumiy o‘rta yoki o‘rta ta’limni tugatganligi to‘g‘risida hujjati, ya’ni shahodatnomasi ham bo‘lishi kerak.

Maqsadli qabulga kvotalar qanday taqsimlanadi?

Kvotalar yo‘nalishlar kesimida, masalan, sog‘liqni saqlash yoki xalq ta’limi kabi yo‘nalishlar bo‘yicha taqsimlanadi. Yo‘nalishlar kesimidagi o‘rinlar esa hududlar bo‘yicha bo‘linadi.

Maqsadli qabulda yetarli ball to‘plolmaganlar o‘qishdan yiqiladimi?

Maqsadli qabul tanlovida qatnashgan abituriyent kerakli ballni yig‘sa, u grant asosida talaba bo‘ladi. Agar balli yetmasa, abituriyent boshqa abituriyentlar bilan birgalikda umumiy tanlovda qatnashadi.

O‘qishga topshirayotganda maqsadli qabul qanday tanlanadi?

OTMga kirish uchun onlayn ariza topshirayotgan abituriyent maqsadli qabulni tanlasa, ham maqsadli, ham umumiy tanlovda ishtirok etadi. Masalan, Toshkent tibbiyot universitetining Davolash ishi yo‘nalishiga abituriyent yashayotgan hududga 2 ta joy ajratilgan bo‘lsa, u ham shu 2 ta joy uchun, ham umumiy kvota uchun tanlovda qatnashadi.

Maqsadli qabul bilan grantga kirishning afzalliklari va cheklovlari

Maqsadli qabul bilan pastroq ball to‘plab ham grantga kirish mumkin. Lekin ikki narsani hisobga olish kerak:

Maqsadli qabul bilan o‘qishga kirgan talabaga "perevod"ga ruxsat berilmaydi.

O‘qishni tugatgandan so‘ng, o‘z hududida 5 yil ishlab berish majburiyati qo‘yiladi.