My.oliygoh.uz My.oliygoh.uz Hujjat topshirish

Maqsadli qabulda grant necha yil beriladi va kimlar tanlovda qatnashadi?


2026/2027-o‘quv yili qabulida maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash va san’at sohalari uchun maqsadli davlat granti kvotalari ajratilgan.

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lumotiga ko‘ra, maqsadli qabul ayrim hududlarda oliy ma’lumotli mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni qoplashga xizmat qiladi.

Maqsadli qabul nima?

Maqsadli qabul — muayyan hudud yoki tashkilot ehtiyoji uchun davlat granti asosida mutaxassis tayyorlash shaklidir.

2026/2027-o‘quv yilida:

  • maktab ta’limi yo‘nalishlari uchun — tumanlar kesimida;
  • sog‘liqni saqlash yo‘nalishlari uchun — tumanlar kesimida;
  • san’at yo‘nalishlari uchun — teatrlar kesimida

maqsadli kvotalar belgilangan.

Maqsadli kvota tanlovida faqat tegishli hududda doimiy ro‘yxatda turadigan abituriyentlar qatnasha oladi.

Grant qancha muddatga beriladi?

Maqsadli qabul asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentga davlat granti butun o‘qish davri uchun ajratiladi.

Ta’lim yo‘nalishiga qarab grant:

  • 4 yil;
  • yoki 6 yil

davomida amal qiladi.

Biroq bitiruvchiga OTMni tamomlaganidan keyin tegishli hududda 5 yil ishlab berish majburiyati yuklanadi.

Maqsadli va umumiy kvotada birga qatnashish mumkinmi?

Ha. Maqsadli yo‘nalishni tanlagan abituriyent dastlab maqsadli kvota, undan keyin esa umumiy kvota bo‘yicha saralanadi.

Masalan, Zomin tumanida doimiy yashaydigan abituriyent Toshkent davlat tibbiyot universitetining “Davolash ishi — Zomin tumani” yo‘nalishini tanlasa:

  1. dastlab Zomin tumani uchun ajratilgan maqsadli o‘rinlarga;
  2. maqsadli kvotaga bali yetmasa, shu yo‘nalishdagi umumiy kvotaga

da’vogarlik qiladi.

Maqsadli kvota bo‘yicha talabalikka tavsiya etilgan abituriyent shu yo‘nalishning umumiy kvotasi bo‘yicha qayta saralanmaydi.

Qaysi tanlov ustuvorligini belgilash kerak?

Maqsadli qabulda qatnashish uchun tanlov ustuvorligi hal qiluvchi ahamiyatga ega emas.

Abituriyent:

  • “Davlat granti” ustuvorligini;
  • yoki “Ta’lim yo‘nalishi” ustuvorligini

tanlaganidan qat’i nazar, maqsadli kvota bo‘yicha tanlovda qatnashishi mumkin.

Nechta maqsadli yo‘nalish tanlash mumkin?

Maqsadli ta’lim yo‘nalishlarini tanlash soniga alohida cheklov belgilanmagan.

Agar abituriyentning doimiy yashash hududi uchun tegishli kvotalar mavjud bo‘lsa, u beshta tanlovining barchasini maqsadli yo‘nalishlardan shakllantirishi mumkin.

Har bir tanlov bo‘yicha abituriyent dastlab maqsadli, keyin umumiy kvota doirasida saralanadi.