Konkuk universiteti va Toshkent davlat agrar universiteti o‘rtasida hamkorlik aloqalari kengaytiriladi


4 fevral kuni Toshkent davlat agrar universitetiga Koreyaning Konkuk universiteti rahbar xodimlari tashrif buyurdi.

Tashrif davomida delegatsiya ToshDAU rahbariyati bilan uchrashdi va o‘simliklarni biologik himoya qilish, paxtachilik va g‘allachilik laboratoriyasi, ToshDAUning “Qishloq xo‘jaligida innovatsion ishlanmalar va maslahat markazi" hamda “Gidroponika" issiqxonasida bo‘ldi hamda universitetning “Qo‘shma ta'lim" dasturi asosida ta'lim olayotgan talaba va magistrlar bilan uchrashdi, deb yozadi Kun.uz.

Mehmonlar shuningdek, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutasaddi xodimlari bilan uchrashishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Koreya Respublikasi delegatsiyasi Samarqand shahridagi diqqatga sazovor joylar bilan yaqindan tanishadi.

Tashrif davomida ToshDAU va Konkuk universiteti o‘rtasida talabalar va professor-o‘qituvchilar almashuvini amalga oshirish, ikki tomonlama tan olinadigan diplom berish bo‘yicha qo‘shma ta'lim dasturlarni joriy etish, Konkuk universitetining qishloq xo‘jaligi sohasidagi malakali professor-o‘qituvchilari va mutaxassislarini o‘quv jarayoniga jalb etish, ToshDAU professor-o‘qituvchilarini malaka oshirish va stajirovkaga yuborish, iqtidorli yoshlarni magistratura va doktoranturaga o‘qishga yuborish, hamkorlikda o‘quv adabiyotlarini yaratish hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish bo‘yicha kelishib olindi

Shuningdek, ikki universitet o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish va kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi" imzolandi.

Ikki universitet o‘rtasida hamkorlikni yanada kengaytirishga hamda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishiga qo‘shgan hissasi uchun Konkuk universiteti prezidenti Sangi Minga hamda hozirda universitetda faoliyat olib borayotgan Janubiy Koreyaning O‘zbekiston-KOPIA markazi direktori doktor An Xi Sunglarga Toshkent davlat agrar universitetining faxriy professori unvonlari berildi.

Keyingi uchrashuv joriy yilning aprel oyida Konkuk universitetiga rejalashtirildi.

Konkuk universiteti bilan ToshDAU 2015 yildan buyon hamkorlik qilib kelmoqda. Shu davr mobaynida universitetning 10 dan ziyod talabalari Konkuk universiteti magistraturasini tamomlab keldi.

Konkuk universiteti Koreya Respublikasi oliy ta'lim muassasalari reytingida birinchi o‘ntalikka, jahon reytingida esa yuqori 500 talikka kiradi.