20 kuncha muqaddam imtiyozlar zarari borasida kun.uz savollariga javob bergandim.
"OTMlarga kirish bo‘yicha imtiyozlarning mavjudligi xuddi boshqa iqtisodiy sohalarga, bozorlarga kirish borasidagi imtiyozlar kabi zararlidir. Imtiyozlar bilim olish uchun emas, imtiyoz olish uchun intilish yaratadi. Bu sog‘lom raqobatni buzadigan buzg‘unchi omil. IIV, bojxona xodimlari farzandlari, qaysidir chekka hududda tug‘ilganlar uchun imtiyoz taqdim etilishi Konstitutsiya ruhiga zid.
Lekin bilmadim, imtiyoz taqdim etayotganlar, bu haqda qaror qabul qilganlar yoshlikda qanaqadir komplekslarga ega bo‘lishgan ko‘rinadi. Ular hayotda, o‘qishda, biznesda faqat imtiyozlar bilan yashab kelishgan. Oltin medal, komsomol yo‘llanmasi, partiya taqsimoti - eski avlod vakillari juda yaxshi eslashadi. Kolxoz raislari, “partkom", “raykom", “obkom"larning farzandlari, asosan, shu “tirqish"lardan foydalanib kelishgan. Menimcha, bugun o‘sha imtiyozlarni yarata turib, ular sovet nostalgiyalarini tiklamoqdalar.
OTMlarga, u xoh xususiy, xoh davlat tasarrufida bo‘lsin, qaysidir toifaning alohida tartibda o‘qishga kirishini taʼminlovchi imtiyozlar umuman kerak emas. Aytaylik, olimpiada g‘oliblari, zulfiyachilar yoki maxsus maktab bitiruvchilari nega imtiyoz bilan o‘qishga kirishi kerak? Nima, ularning bilimi yetarli emasmi? Raqobat bilan o‘qishga kirishdan qo‘rqishsa, ular qanday qilib olimpiada yo “Zulfiya" mukofoti tanlovi g‘oliblari bo‘lishgan. Qanday qilib maxsus maktablarga kirishgan va o‘qishgan? Imtiyozlar o‘rnini bizda stipendiyalar, OTMlar qoshidagi fondlarning grantlari egallashi lozim. Sog‘lom raqobatda o‘qishga kirgan talaba muvaffaqiyati faqat shunday qo‘llab-quvvatlanishi kerak. Imtiyoz asosida OTMga o‘qishga kirish emas, OTMda muvaffaqiyatli o‘qish dastaklanishi zarur.
Kambag‘al oilalar farzandlarining oliy taʼlimga imkoniyatlari yildan-yilga pasayib bormoqda. O‘zim misolimda aytadigan bo‘lsam, agar men hozir abituriyent bo‘lganimda, o‘zim o‘qib tugatgan OTMga yaqin yo‘lay olmasdim. Oxirgi 4 yilda ijtimoiy tengsizlik barcha jabhada ortdi va yana ortib bormoqda. Xususiy va elita o‘qiydigan maxsus maktablar ko‘paytirilgan sari davlat maktablarida taʼlim sifati borgan sari yomonlashmoqda. Bu bilan kambag‘al qatlamning OTMga imkoniyati o‘rta taʼlimdayoq qirqilmoqda.
Yaʼni avval boshdagi startdayoq kambag‘allarga o‘ta yomon imkoniyatlar qoldirilmoqda. Oliy taʼlimga yeta olmagan yoshlar uchun kasb-hunar taʼlimi bekorga kiritilmagan edi. Albatta, uning amalda qanday ishlagani boshqa masala. Takomiliga yetkazish o‘rniga kasb-hunar taʼlimi tizimi yangi davrda buzib yuborildi. Yomon bo‘lsada, hunarga, qanaqadir malakaga ega bo‘lgan yoshlar o‘rniga hech qanday malaka va hunarga ega bo‘lmaganlar armiyasi paydo bo‘ldi va bu qatlamdan qutulishning yagona chorasi sifatida ularning mardikorlar sifatida Rossiyaga yuborishni afzal ko‘rishmoqda".
Otabek Bakirov
iqtisodchi, bloger