Oliy ta’lim tizimini tartibga soluvchi yangi nizom qabul qilinadi


Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri buyrug‘iga ko‘ra, «Oliy ta’lim to‘g‘risida»gi yangi nizom ishlab chiqilmoqda. Bu hujjat «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun va Vazirlar Mahkamasi qarori asosida tayyorlanib, oliy ta’lim tizimini boshqarish, bakalavriat va magistratura bosqichlarini tashkil etish hamda talabalar va pedagog xodimlarning huquq va majburiyatlarini aniq belgilaydi.

Loyihaga ko‘ra, oliy ta’limga oid nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlanadi, ayrim me’yoriy hujjatlar esa 2-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb topiladi.

Nizomda oliy ta’lim tizimi milliy malakalar ramkasining 6-, 7- va 8-darajalarini qamrab olishi belgilangan. O‘qish davomiyligi quyidagicha bo‘ladi:

Bakalavriat – kamida uch yil

Magistratura – kamida bir yil

Hujjatda oliy ta’limning asosiy maqsadi raqobatbardosh, mustaqil fikrlaydigan, yuksak salohiyatli mutaxassislar tayyorlash ekani qayd etiladi.

Nizom quyidagi yo‘nalishlarni tartibga soladi:

Davlat ta’lim standartlari, malaka talablari, o‘quv reja va dasturlarini ishlab chiqish tartibi

Oliy ta’lim tashkilotlari turlari (universitet, institut, akademiya, konservatoriya, oliy maktab, filial) va ularning vazifalari

• Talabalarning ta’lim olish, stipendiya, turar joy, akademik ta’til, ilmiy tadqiqotlarda ishtirok etish huquqlari va ichki tartibga rioya qilish majburiyatlari

• Professor-o‘qituvchilarning pedagogik faoliyati, o‘quv dasturlarini takomillashtirish, ilmiy-ijodiy ishlarga jalb etilishi va rag‘batlantirilishi

• Oliy ta’lim tashkilotlarining boshqaruvi, rektor va kengash vakolatlari, moliyaviy mustaqillik va mulkdan foydalanish tartibi

Xalqaro hamkorlik, qo‘shma ta’lim dasturlari, ikki diplomli yo‘nalishlar, o‘quvchi va o‘qituvchilar almashinuvi mexanizmlari

Shuningdek, ta’lim jarayoni milliy kredit-modul tizimi asosida tashkil etilishi belgilangan. Ta’lim sifati va kadrlar tayyorlash natijadorligini baholash uchun aniq mezonlar joriy etiladi.

Nizom talablariga rioya etilishi vakolatli organlar tomonidan nazorat qilinadi. Ushbu talablarga amal qilmagan shaxslar amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladi.