Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Jizzax viloyati hokimligi va Toshkent davlat texnika universiteti vakillaridan iborat O‘zbekiston Respublikasi delegasiyasi Rossiya Federasiyasiga xizmat safari doirasida nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan istiqbolli hamkorlik aloqalarini o‘rnatish maqsadida Tatariston Respublikasi Qozon federal universitetiga tashrif buyurishdi.
Uchrashuv davomida ushbu oliygohning Jizzax viloyatida filiali faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha to‘rt tomonlama kelishuv memorandumi imzolandi.
Imzolangan memorandumga ko‘ra:
- Qozon federal universitetining Jizzax shahridagi filiali 2022/2023 o‘quv yilidan o‘z faoliyatini boshlaydi;
- Filialda eng kamida 40 foiz professor-o‘qituvchi Qozon federal universiteti hisobidan ta’minlanadi;
- Jizzax viloyati hokimligi tomonidan professor-o‘qituvchilar va talabalar turar-joy bilan ta’minlanadi;
- kadrlar tayyorlash Qozon federal universiteti ta’lim dasturlari asosida yo‘lga qo‘yiladi.